20:39 / 24.11.2020
16666

Dunyo bo‘yicha chegaralar qachon to‘liq ochilishi mumkinligi aytildi

 Qayd etilishicha, pandemiya davrida butun dunyodagi aviakompaniyalar 157 milliard dollar yo‘qotadi. 2020 yilda aviayo‘lovchilarning umumiy soni 4,5 milliard nafardan 1,8 milliardgacha kamayadi.

Foto: TASS/EPA/ZURAB KURTSIKIDZE

Butun dunyo bo‘yicha chegaralar 2021 yil o‘rtalarida to‘liq ochilishi mumkin. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) bosh direktori Aleksandr de Jyunyak ana shunday taxmin bildirdi, deb yozmoqda Reuters.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi vaksinaning paydo bo‘lishi va turli mamlakatlarda ommaviy testlar o‘tkazilishi aviaqatnovlarning tiklanishiga sabab bo‘ladi. 

 IATA bosh direktorining aytishicha, uzoq masofalarga parvoz qiluvchi yo‘lovchilarning emlanishini majburiy qilish niyatida bo‘lgan aviakompaniyalar paydo bo‘lmoqda. Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi ana shundaylardan biri bo‘ldi, qolgan kompaniyalar ham uning ortidan borishi mumkin, deydi de Jyunyak.

 Uning ma'lumot berishicha, pandemiya davrida butun dunyodagi aviakompaniyalar 157 milliard dollar yo‘qotadi. 2020 yilda aviayo‘lovchilarning umumiy soni 4,5 milliard nafardan 1,8 milliardgacha kamayadi. Bu yil yo‘lovchi tashishdan keladigan daromad 69 foizga tushib, 191 milliard dollarni tashkil etadi.

Avvalroq de Jyunyak samolyotda koronavirus yuqtirish ehtimoli juda kamligini aytgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top