22:36 / 24.11.2020
7523

HET vakili hududlarda nega eski transformatorlardan yana foydalanilayotganiga izoh berdi

Bugun, 24 noyabr kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari bo‘yicha matbuot anjumani hamda press-tur bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ elektr tarmoqlaridan foydalanish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘bek Hakimov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan eski transformatorlardan boshqa hududlarda qayta foydalanilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

“1991 yildan 2016 yilga qadar butun O‘zbekiston bo‘yicha bor-yo‘g‘i 5 mingga yaqin transformator almashgan. So‘nggi uch yilda esa, 17 mingga yaqin transformatorni yangilashga erishdik. Bu umumiy ko‘rsatkichning 15-20 foizini tashkil qiladi.

Transformator podstansiyasi shunday uskunaki, yangisini o‘rnatib eskini yechib olganimizdan so‘ng ta'mirlash orqali texnik talab darajasiga keltirib, ichidagi cho‘g‘ lampalarni almashtirib, ma'lum sinovlardan o‘tkazgandan keyin uni yana ishlatish imkoni mavjud. Unga yana 2-3 «umr baxsh etsa» bo‘ladi”, - dedi Ulug‘bek Hakimov.

Ulug‘bek Hakimov

Uning so‘zlariga ko‘ra, 50-60 yil ishlagan eski transformator ma'lum bir texnologik jarayon va sinovlardan o‘tganidan keyin unga baho berish ishlari amalga oshiriladi.

“Ba'zi qismlari, moylari almashtirilib ta'mirlanadi va sinovlardan o‘tsa, o‘sha eski transformatorni yana ishlatish imkoniyati mavjud. Aynan o‘zining eski joyiga emas, balki kamroq quvvat talab qiladigan joyga o‘rnatishimiz ham mumkin. Ishlatilgan transformatorlarning hammasini ham tashlab yubormaymiz.

Lekin agar eski transformator [ta'mirdan so‘ng] texnik parametrlarga javob bermasa, albatta uni ishlatishga haqqimiz yo‘q”, - dedi «Hududiy elektr tarmoqlari» jamiyati mutaxassisi.

Top