20:31 / 24.11.2020
54538

Prezident yig‘ilishida uchta tuman hokimini ishdan olishga ko‘rsatma berildi

Prezident tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Buxoro viloyatining ikki tumani hamda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumani rahbarlarini ishdan olish masalasini qo‘ydi.

«Yig‘ilishda joylarda infratuzilmani yaxshilash masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Rivojlanishdan orqada qolayotgan 22ta tuman uchun investitsiya dasturi doirasida 264 milliard so‘m, boshqa hududlar uchun qo‘shimcha 736 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi.

Ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ygan Buxoro, Jondor va Sirdaryo tuman hokimlarini lavozimidan ozod etish masalasi qo‘yildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, Yozyovon, Uchtepa, Shofirkon va Bekobod tumanlarida faol tadbirkorlarni ko‘paytirish bo‘yicha ishlar tanqid qilingan.

Ma'lumot uchun, Buxoro tumaniga 2019 yil martidan buyon Qahramon Bozorovich Dustov rahbarlik qilib kelayotgandi.

Jondor tumaniga 2018 yil martida Kamol Ro‘ziyevich Kamalov hokim bo‘lgandi. 2020 yilnng oktyabrida Jondor tumani prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 33ta «qoniqarsiz» tumanning biri sifatida tilga olingan, keyinroq Kamol Kamolov o‘zgarishga va'da berib, «qoniqarsiz» tuman uchun aholidan uzr so‘ragandi. 2020 yil noyabr oyi boshida esa O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshev Jondor tuman hokimi 2020 yil 16 maydagi qarori bilan o‘rinbosarining yaqin qarindoshiga 100 gektar yer maydonini chorvachilik yo‘nalishida, garchi yetarli chorvasi bo‘lmasada, noqonuniy ajratib bergani haqida ma'lum qilgandi. 

Sirdaryo tumaniga 2018 yil 16 fevraldan buyon Alijon Rahimberdiyevich Muhamadiyev hokimlik qilib kelayotgandi.

Top