00:07 / 25.11.2020
7100

1,5 mingga yaqin maktabda qog‘oz jurnal va kundalikdan butunlay voz kechilgan - XTV

O‘zbekistonda bugungi kunga qadar elektron Kundalik tizimida ro‘yxatdan o‘tgan maktablar soni 1557 ta bo‘lib, shundan 1482 ta maktab qog‘oz jurnal va kundalikdan butunlay voz kechgan.

Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova 24 noyabrdagi brifingda ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron obuna uchun to‘lovni (9200 so‘m) 30 noyabrdan e'tiboran amalga oshirish mumkin.

«23 noyabrdan sinov muddatining oxirgi 7 kuni boshlangan. Ota-onalarga o‘zlarining profillaridan kirish va barcha farzandlarining kundaliklarini ko‘ra olayotganliklarini tekshirishlari tavsiya etiladi», – dedi vazirlik vakili.

Elektron kundalik xorijiy kompaniyaniki bo‘lsa, bu bolalarning ma'lumotlarini xavfga qo‘ymaydimi? Ushbu savolga Laylo Rustamova quyidagicha javob berdi.

«Elektron kundalik foydalanuvchilari to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlar «O‘zbektelekom» serverlarida saqlanadi. Bu esa, o‘quv jarayonidagi barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma'lumotlari ishonchli himoyasini ta'minlaydi. Bundan tashqari, Kundalik.com TAS-IX hududida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalanilganda internet-trafik sarflanmaydi.

Agar elektron kundalikni qo‘llash bo‘yicha savollar yuzaga kelsa, ularga javoblarni kompaniyaning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga +998 (78) 888-82-82 raqami orqali murojaat qilgan holda olish mumkin».

Top