11:51 / 25.11.2020
2126

2020 yilda O‘zbekistonda 22 trln so‘mlik qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish kutilmoqda

O‘zbekiston tadbirkorlik sub'yektlari va korxonalari tomonidan 2020 yilda 22 trln so‘mlik qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu haqda AOKA anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi vakili ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, 2019-2020 yillarda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashiga 10ta yo‘nalish bo‘yicha jami 42ta innovatsion loyihalar ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan va o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra umumiy moliyaviy hajmi 10,6 mlrd. so‘mlik 8 ta innovatsion loyihalar ilmiy-texnikaviy kengashda ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etilgan. Ushbu innovatsion loyihalar orqali energiya tejamkor, atrof-muhitga yetkaziladigan zararni minimallashtiradigan, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga joriy etilmoqda.

Mahsulot ishlab chiqarish jarayonlariga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilinayotganligi tufayli 2020 yilda 22 trln. so‘mlik (misol uchun, 2016 yilda 6,8 trln so‘mlik) mahsulotlar ishlab chiqarish kutilmoqda yoki 2016 yilga nisbatan o‘sish dinamikasi 3,2 baravarni tashkil etadi.

Xususan: sement – 14,5 mln tonna yoki 168 foiz, qurilish oynasi – 23 mln kv m yoki 181 foiz, keramik plitka – 41,5 mln kv m yoki 4,3 baravar, gipsokarton – 61 mln kv m yoki 2,1 baravar, oboy (gulqog‘oz) – 2 mln o‘ram yoki 89 baravarga oshgan.

Sifatli va xavfsiz yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga joriy qilish maqsadida qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha 340 ta xalqaro standartlar 2019 yilda qabul qilindi, 2020 yilda 542 ta va 2021 yilga 505 ta xalqaro standartlar rejaga muvofiq qabul qilinmoqda hamda bu bilan birga xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashuv darajasi oshirilmoqda.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Matbuot xizmati

Top