10:52 / 25.11.2020
12043

Davlat xaridlari portali orqali amalga oshirilgan eng yirik shartnomalar e'lon qilindi. «O‘zavtomotors» xaridlari ham ro‘yxatda qayd etilgan

Moliya vazirligi joriy yilning 10 oyi yakuniga ko‘ra davlat xaridlari portali orqali amalga oshirilgan eng yirik qiymatdagi shartnomalarni oshkor etdi.

Moliya vazirligi departamenti direktori o‘rinbosari Sarvar Nazarov 2020 yilning noyabr oyi holatiga muvofiq, davlat xaridlari portali orqali amalga oshirilgan eng yirik shartnomalar haqida ma'lumot berdi.

«Toshkent viloyati Zangiota tumanida maxsus tibbiyot muassasasi qurilishi uchun 200,5 milliard so‘mga «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzilgan. Shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi davlat unitar korxonasi tomonidan Samarqand viloyatidagi qozonxona ta'mirlash va modernizatsiya qilish uchun respublika budjetidan 65,4 milliard so‘mlik «Elit Grand» xususiy korxonasi bilan tender savdolari orqali shartnoma tuzilgan. Bundan tashqari, korporativ buyurtmachilar tomonidan, «O‘zavtomotors» AJ transport vositalari uchun ehtiyot qismlari bo‘yicha jami 200 million dollarga «GM Overseas distribution» bilan yagona yetkazib beruvchi sifatida shartnoma tuzilgan», — dedi u.

Ma'lumot uchun, joriy yilda davlat xaridlar portali orqali 46 ming 575ta bitim imzolangani ma'lum qilingan. Xususan, bitimlar summasi 735 milliard 595 million 918 ming 749 so‘mni tashkil etgan.

Ayni paytda yangi tahrirdagi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Qayd etilishicha, loyihada davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, xususan, davlat xaridlarining ochiq va shaffof hamda samarali tizimini yaratish orqali korrupsiyaning oldini olish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, loyihada korrupsion omillar, huquqni tartibga solishdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida «benefitsiar», «davlat xaridlarining ijrochisi», «dastlabki malaka tanlovi», «zaxira g‘olibi», «ixtisoslashgan tashkilot», «manfaatlar to‘qnashuvi», «xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining affillangan shaxsi» kabi tushunchalarga ta'riflar berildi va mazmunan kengaytirildi.

Bundan tashqari, davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan cheklovlar, ya'ni ishtirokchilarning yaqin qarindoshlari ijrochini tanlash bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan taqdirda ishtirokchining davlat xaridlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi aks ettirilgan. Davlat xaridlari o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lon matniga ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritishga taqiq qo‘yilgan.

Top