16:17 / 25.11.2020
24871

Dehqonobod kaliy zavodi qurilishida qatnashgan yuzlab ishchilar yetti yildan beri maoshini ololmayapti. Aksincha, ularni «formalilar» qo‘rqityapti

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan bir guruh fuqarolar murojaat qildi. Ularning aytishicha, mazkur tumandagi kaliy zavodi qurilishida besh yuzdan ortiq odam ishlatilgan va ish haqini ololmagan.

Kun.uz ushbu holatni o‘rganish maqsadida Dehqonobod tumanida bo‘ldi.

Ma'lumot o‘rnida aytish lozim, 2007 yil 17 dekabrdagi prezident qarorida «ZUMK-Injiniring» (Rossiya) kompaniyasi bilan loyihalashtirish, qurish, asbob-uskunalar yetkazib berish va ishga tushirish-sozlash ishlari yuzasidan belgilangan tartibda shartnomalar tuzilgan hamda ro‘yxatga olingani qayd etilgan. Natijada, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodining qurilish-montaj ishlariga Rossiya va O‘zbekistondan mutaxassis va ishchilar shartnoma asosida qabul qilingan.

Ochig‘i, Dehqonobod tumani geografik joylashuvi, u yerdagi odamlarning og‘ir turmush tarzi haqida ozgina tasavvurga ega bo‘lgan odam ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki mazkur tuman aholisining ko‘pchiligi faqat chorvachilik bilan kun kechiradi. Ta'lim va tibbiyot sohasini hisobga olmaganda, ko‘pchilik oilalarda doimiy ish topish muammo. Shunday ekan, tumanda katta bir zavodning paydo bo‘layotgani va uning nafaqat qurilish jarayonida ishtirok etish, balki foydalanishga topshirilgandan so‘ng ham ishlash mumkin, degan xayol ko‘pchilikka ma'qul bo‘ladi.

Bizga murojaat qilganlarning barchasi shu xayolda bo‘lgan. Afsuski, ular yetti-sakkiz yildan buyon ish haqini ololmay sarson.

Masalan, Rashid Bernazov 2009 yilda Dehqonobod kaliy zavodi shaxtasida haydovchi sifatida ish boshlaganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, dastlabki yillarda ish haqlari o‘z vaqtida berilgan, hammasi ular kutganidek bo‘lgan. 2013 yilga kelib, maosh ikki-uch oyda tarqatilgan, ishchilardan qarzdorlik ortib boravergan. Shundan so‘ng ular ishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan va zavod rahbariyatidan Rossiya kompaniyasidan maoshlarini olib berishni talab qilishgan. «Zavodning o‘sha vaqtdagi rahbari Hamidulla Shermatov bizdan ishni to‘xtatmaslikni so‘radi va maoshimizni o‘zi berishini aytdi. Kerak bo‘lsa, zavod qurilib bitgach, sizlarni ishga olaman dedi. Shundan keyin yana bir yil davomida oyliksiz ishladim. Ayni vaqtda birgina o‘zimning ololmagan oyligim 15 million so‘mni tashkil qilmoqda», – deydi Rashid Bernazov.

Zulfiya Choriyeva ham kaliy zavodi qurilishida ishtirok etgani, farrosh bo‘lganini aytmoqda. 2013-2015 yillarda ishlagan haqini ololmagan. U ham ko‘pchilik ishchilar qatori zavodning sobiq rahbari Shermatovga murojaat qilganida, sizlar meni bilingizlar, ishni davom ettiringizlar, degan javobni olgan. Zulfiya opa turmush o‘rtog‘i bilan zavodda ishlagan, birgina o‘zining ololmagan oyligi 19 million so‘mni tashkil qilmoqda. U kishi ayni vaqtda turmushi og‘irligini, ish topolmayotganini ma'lum qildi. Zavodda ishlash tugul, darvozasidan ham kirolmayotganini bildirdi.

Chori Tilovov ayni vaqtda uning qo‘lida sud qarori borligi va unga ko‘ra, kompaniya 18 million so‘mdan ortiq qarzdorligini bildirdi. Sud qaroriga kirmagan yana bir yillik ish haqimdan umid ham qilmayapman. «Qo‘limizdagi hujjatlarga asosan majburiy ijro byurosiga murojaat qildik. Qarzdorlikni «ZUMK-Injiniring» kompaniyasining shu yerdagi mulkiga qaratishni so‘radik. MIB esa kompaniyaning mulki yo‘qligini vaj qilyapti. Vaholanki, 50 dan ortiq texnikasi, bir necha ombor mulki kaliy zavodida turibdi», – dedi Chori aka.

Omonshukur Erdonayev kaliy zavodi shaxtasida 2009 yildan to 2019 yilgacha, pensiyaga chiqqunga qadar qorovul bo‘lib ishlagan. «Bir yarim milliardlik uskunalarga mas'ul edim. 2013 yildan bu yog‘iga oyliksiz ishladim, oxiri ishni tashlab ketishga majbur bo‘ldim. Uskunalarga na kaliy zavod qaraydi, na «o‘ris» so‘raydi. Salkam qirq million so‘m oyligimga kuyib turibman. Sohaga mas'ul barcha tashkilotlarga yozdik. Rossiya kompaniyasi o‘zlariga bo‘ysunmasligini aytmoqda. Endi tasavvur qiling, kimyo vazirligining («O‘zkimyosanoat» AJ – tahr.) ruxsatisiz xorij kompaniyasi qanday qilib O‘zbekistonga kirib kelgan? Shartnoma qilingan-ku!» – deydi Omonshukur Erdonayev.

Kaliy zavodi qurilishida qatnashgan dehqonobodliklarning aytishicha, 500 dan ortiq odam ish haqini ololmagan. Shunisi aniqki, ular shunchaki da'vo qilishmayapti. Har bir gapi, iddaosi asosli. Sud qarori va kerakli barcha hujjatlari bor. Ammo ularning haqini xorij kompaniyasidan undirib beradigan biror bir qudratli tashkilot topilmayapti.

Ishchilar eng ko‘p tilga olgan majburiy ijro byurosida bu holat qaysi jarayonda turgani bilan qiziqdik. Tuman MIB boshlig‘i Otabek Tog‘ayev hozirgi vaqtda mazkur ishga oid ijro varaqasi mavjud emasligini aytdi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasining 2020 yil 27 iyulda ishchi Mengali Mahmatmurodovga bergan javob xatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining qaroriga asosan ish haqi va ma'naviy zararni undirish Dehqonobod tumani majburiy ijro byurosiga kelib tushgan. «ZUMK-Injiniring» kompaniyasidan yuridik tashkilotlar foydasiga 986 827 755 so‘m qarzdorlik, Dehqonobod tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 5 673 472 342 so‘m, Angren tumani davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 18 445 150 so‘m soliq qarzdorligi va sobiq ishchilarga to‘lanmasdan qolgan 1 170 289 629 so‘m ish haqi undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari mavjudligi aytilgan. Ammo «ZUMK-Injiniring» kompaniyasi joylashgan yuridik manzil ko‘zdan kechirilganda, mol-mulk aniqlanmagan.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, ijro harakatlari davomida «ZUMK-Injiniring» kompaniyasi hisobidan 2018 yilning iyun oyida 561 319 335 so‘m undirilib, 380 367 052 so‘mi soliq qarzdorligi uchun Dehqonobod tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga va 173 276 680 so‘mi esa undiruvchilarning har biriga teng taqsimlangan holda ish haqi hamda moddiy zararning 10 foizi ularning plastik kartasiga o‘tkazib berilgan.

Rossiya Federatsiyasi Perm viloyati arbitraj sudining 2018 yil 25 iyundagi ajrimiga ko‘ra, qarzdor «ZUMK-Injiniring» kompaniyasi bankrot deb topilgan va Metla Anastasiya Sergeyevna sud tugatish boshqaruvchisi etib tayinlangan.

Hozirgi kunda sud tugatish boshqaruvchisi tomonidan kompaniyani tugatish ishlari olib borilayotgan bo‘lib, kelgusida mol-mulki tegishli tartibda baholanishi, sotilganidan so‘ng tushgan pul mablag‘lari qarzdorlikni qoplashga qaratilishi ma'lum qilingan.

E'tibor qiling, kompaniyani sud bankrot deb topganiga ham ikki yildan oshyapti. Hali ham jarayon yakunlanmagan, qachon yakunlanishi ham ma'lum emas!

Anglashiladiki, xorijlik kompaniya bugungi kunda bankrot bo‘lgan va u ishlatgan o‘zbekistonlik ishchilar yillab oyligini ololmay sarson bo‘lyapti. Hali ular mol-mulk qachon baholanadi, qanday baholanadi va qachongacha kutishadi, o‘zlari ham bilmaydi. Achchiq haqiqat shundaki, ayni vaqtda ular moddiy va ma'naviy zarar ko‘rayotgan bir vaqtda hammaning qo‘li kalta. Chunki «qog‘ozlar gapiryapti». «Qonunda shunday, istasangiz, yuqori turuvchi tashkilotga murojaat qiling» deb javob berilyapti. Sobiq ishchilar har qancha yozmasin, naf yo‘q, jarayonni kutishga majbur.

Aynan mana shu holat xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonga olib kirish, mahalliy aholini ishlatish, xavfsizlik, ish haqi kafolati kabi masalalarda nimalarga e'tibor qaratish lozimligiga ishora qilyapti.

Darvoqe, «Dehqonobod kaliy zavodi» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Oybek Qurbonov bilan suhbatlashdik. U ham ushbu voqealardan yaxshi xabardor ekanligi, sobiq ishchilar ham unga bir necha marta murojaat qilganini ma'lum qildi. «Bu masalada men ham sobiq ishchilar tomonidaman, ular haq. Aytishim mumkinki, nafaqat zavod qurilishida qatnashgan ishchilar, balki zavodning ham «ZUMK-Injiniring» kompaniyasidan da'vosi bor, shartnoma talablari bajarilmagan. Qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan», – dedi Oybek Qurbonov.

Kun.uz muxbirlari Dehqonoboddagi muammoni o‘rganib qaytganidan so‘ng, murojaatchilar telefon orqali bizga aloqaga chiqdi. Ishchilarning aytishicha, o‘sha kuni kechqurun «formali» xodimlar ularni olib ketishgan. Sobiq ishchilar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan, o‘ziga xos uslubda tanbeh berilgan...

Masala shundaki, bugun ularga tanbeh berish, tilini tiyishga undash emas, ko‘ngliga qarash, haqini undirib berish, lozim bo‘lsa, kelgusida ham ish bilan ta'minlash haqida bosh qotirilsa, adolatli bo‘lardi.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top