23:06 / 27.11.2020
3412

DXA aholiga xizmat ko‘rsatish tartibini buzish uchun javobgarlik muqarrarligi haqida ogohlantirdi

Davlat xizmatlari agentligi hisoblagichlarni qayta qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazish maqsadida fuqarolardan qonunga zid tarzda to‘lovlarni undirish bilan bog‘liq holatlarga duch kelinayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Avvallari, hisoblagichni yechish uchun ta'minotchi tashkilotga (“RES”, “raygaz” “suvsoz”) ariza topshirish kerak edi. So‘ng, qiyoslashdan o‘tkazish uchun qurilmani “O‘zstandart” agentligiga olib borishi kerak edi. U yerda arizachidan turli miqdordagi mablag‘ yig‘ib olinar edi. Bundan tashqari, qiyoslash narxini belgilashda shaffoflik va oshkoralik mavjud emasdi. Qiyoslash o‘tkazilgandan so‘ng arizachi mustaqil ravishda qurilmani olib, keyin mas'ul tashkilotga hisoblagich o‘rnatish uchun ariza topshirar edi.

Sir emas, ko‘pchilik ortiqcha ovoragarchilikni oldini olish uchun mas'ul xodimlar bilan muayyan mablag‘ evaziga «kelishar» edi. Yuqorida ko‘rsatilgan barcha tadbirlarni esa tashkilot xodimi o‘zi amalga oshirgan.

2019 yil 1 noyabridan boshlab, kommunal xizmatlari “schetchiklarini” qiyoslash uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki elektron tarzda my.gov.uz portali orqali qabul qilinmoqda. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad — avvalgi tartibda mavjud bo‘lgan korrupsion holatlarga chek qo‘yish, mazkur xizmatlarni ko‘rsatish uchun aniq muddatlar va tartibni belgilash. Bu bilan fuqarolarga qulaylik yaratish edi, aslida», deyiladi agentlik axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan munosabatda.

Qayd etilishicha, DXAning mas'ul xodimlari tomonidan Facebook’da e'lon qilingan murojaat o‘rganilgan va qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan aybdor xodimga tegishli chora ko‘rilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 215.5-moddasiga asosan:

– davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarining arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etganlikda;

– davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini va muddatlarini buzganlikda;

– arz qiluvchidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlikda;

– davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talabini (topshirig‘ini) bajarmaganlikda ifodalangan tarzda buzilishi

Davlat xizmatlari agentligi organlari tomonidan quyidagi turdagi ma'muriy jazo choralarini qo‘llashga asos bo‘ladi:

– mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Top