21:48 / 28.11.2020
5305

Xorazmda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari soni sakkiztaga yetdi

28 noyabr kuni Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu markaz viloyatdagi shunday turdagi sakkizinchi o‘quv markazi hisoblanadi.

Foto: AKT vazirligi

Markaz zamonaviy kompyuter va robototexnika texnikalari bilan jihozlangan, unda aholi va yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida zamonaviy bilim egallashlari hamda malakasini oshirishlari uchun zarur bo‘lgan barcha sharoit yaratilgan.

AKT vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, o‘quv markazini tashkil etish uchun Qo‘shko‘pir tumanidan «O‘zbektelekom» AK Xorazm filialiga qarashli bo‘sh turgan bino tanlab olindi va to‘liq ta'mirdan chiqarildi.

Markazda yoshlar uchun kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi va dizayn, robototexnika, veb dizayn asoslari, dasturlash tillari, veb va mobil ilovalarni yaratish kabi o‘quv kurslari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbar-xodimlari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

O‘quv markazi faoliyatining ilk kunida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos markazga tashrif buyurgan yoshlar uchun master klass o‘tkazdi.

Eslatib o‘tamiz, hozirga qadar respublika miqyosida ish boshlagan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari soni 64 taga yetdi. 

Mavzuga oid
Top