18:11 / 29.11.2020
10818

O‘zbekistonda 9 yoshga to‘lmagan bolalarning uchdan bir qismi eng kambag‘al qatlamdagi oilalarda yashaydi - YUNISEF

O‘zbekistonda bolali oilalar aholining eng kambag‘al qatlamlariga mansub bo‘lib qolgan. Bu haqda YUNISEFning «2019/2020: O‘zbekistondagi bolalar vaziyatining tahlili» hisobotida qayd etilgan.

O‘tkazilgan tadqiqotlar O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi bolali oilalar orasida ayniqsa yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

«9 yoshgacha bo‘lgan bolalarning taxminan 30 foizi va 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 24 foizi aholining eng kambag‘al qatlamlariga mansub oilalarda yashaydi», – deyiladi YUNISEF dokladida.

Baholashlarga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekiston aholisining 11,4 foizi milliy kambag‘allik darajasida yashagan.

Bolalar nafaqalari bilan qamrab olish darajasi pasaymoqda

YUNISEF tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonda eng kambag‘al uy xo‘jaliklarining 52 foizi ijtimoiy himoyaning milliy tizimi tomonidan hech qanday yordam bilan qamrab olinmagan.

Boz ustiga, bolalari bor oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bolalar nafaqalarining uchta turi bilan qamrab olish darajasi muntazam pasayib bormoqda.

«Masalan, 2 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarishlash uchun nafaqa oluvchilar soni 2009 yildan boshlab 60 foizga kamaydi. 2 yoshdan 14 yoshgacha bolalari bor oilalarga to‘lanadigan nafaqalar vaqt o‘tib qisqardi: endilikda atigi 10 foizgina bolalarni qamrab olmoqda.

Hozirgi vaqtda 0–17 yoshdagi bolalarning faqat 17 foizi bola uchun biror turdagi nafaqa (bolani parvarishlash uchun nafaqa, oilaviy nafaqa yoki bolalar nogironligi bo‘yicha nafaqa) oladigan uy xo‘jaliklarida yashaydi», – deyiladi hisobotda.

Nogironligi bor bolalarning yarmi nogironlik nafaqasini olmayapti

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda nogironligi bor bolalarning nafaqa olish huquqiga ega bo‘lishi oson emas. Buning uchun ular nogironlikni belgilash murakkab jarayonidan o‘tishlari kerak, bu jarayon esa mablag‘ sarflashni talab qiladi.

Shu sababli nogironligi mavjud bolalarning qariyb yarmi (48 foizi) ana shu nafaqani olmayapti, deyiladi YUNISEF hisobotida.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalar nogironligi bo‘yicha nafaqa to‘lash uchun ajratilgan budjet past darajada bo‘lib, YaIMning atigi 0,21 foizini tashkil qilgan.

Top