18:37 / 30.11.2020
6079

IHT tashqi ishlar vazirlari kengashining 47-sessiyasida Armanistonning Ozarboyjonga qarshi harakatlariga oid qarorlar qabul qilindi

Joriy yil 27-28 noyabr kunlarida Afrika qit'asidagi Niger davlati poytaxti Niamey shahrida «Tinchlik va taraqqiyot yo‘lida terrorizmga qarshi kurashda ahdlashuv» mavzusida Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyati tashqi ishlar vazirlari kengashining 47-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Google

Sessiyada islom dunyosining dolzarb mavzulari, jumladan, islomofobiyaga qarshi kurashish va dinlar sha'niga bildirilayotgan salbiy fikrlarga barham berish bo‘yicha hamkorlik qilish hamda tashkilotga a'zo bo‘lmagan davlatlardagi musulmon jamiyatlari ahvoli haqidagi masalalar muhokama qilingan.

Shuningdek, Xalqaro Sud mahkamasida rohinjalar to‘g‘risidagi masalani o‘rganish, madaniyat va dinlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash va «IHT 2025» ish dasturida erishilgan yutuqlarga oid mavzular ko‘rib chiqilgan..

Bundan tashqari, sessiya ishida Ozarboyjon tashqi ishlar vazirining hisoboti tinglangan va «Armanistonning Ozarboyjonga qarshi tajovuzi» rezolyutsiyasi qabul qilingan. Rezolyutsiyada IHT Armaniston harbiylari tomonidan 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrgacha bo‘lgan muddatda Ozarboyjonning Ganja, Barda, Terter shaharlarida ko‘plab tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan raketa va artilleriya zarbalari berilishini qoralagan.

IHTga a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Ozarboyjon va Rossiya prezidentlari hamda Armaniston bosh vazirining Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi uch tomonlama kelishuvini qutlagan.

Shuningdek, «Ozarboyjon Respublikasiga iqtisodiy yordam» rezolyutsiyasini qabul qilgan. Unda Islom taraqqiyot banki va boshqa islom moliya institutlari Ozarboyjonning ozod qilingan hududlarini tiklash uchun ko‘mak berishga, xalqaro institutlar esa Ozarboyjonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga chaqirilgan.

Sessiya so‘ngida, uning ishtirokchilari Armaniston tomonidan bosib olingan Ozarboyjon hududlarida islomga oid tarixiy va madaniy obidalarni, osori-atiqalarni vayron etish, talon-toroj qilish, ramzlarni kamsitish ishlarini jiddiy qoralovchi rezolyutsiya qabul qilgan.

IHTga a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari yetkazilgan zarar uchun Ozarboyjon Armanistondan tovon puli talab qilishga haqli ekanini bildirgan.

Mavzuga oid
Top