10:42 / 30.11.2020
11215

Yangiyo‘lda gaz portlashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi

2020 yilning 30 noyabr kuni soat 7:42da Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Istiqlol ko‘chasi, Qirariq MFYda joylashgan 80-uyda gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda FVV xabar bermoqda.

Birlamchi ma'lumotlarga ko‘ra, chaqnash natijasida uyning bir qismi qulab tushgan va xonadon sohiblari vayronalar ostida qolgan. Turar joyning zarar yetgan qismidan 1984 yilda tug‘ilgan I.S., 1987 yilda tug‘ilgan I.N., 2006 yilda tug‘ilgan I.R. va 2009 yilda tug‘ilgan I.S. olib chiqilib, tibbiyot muassasasiga yuborilgan.

Chaqnash oqibatida 1984 yilda tug‘ilgan I.S., 2006 yilda tug‘ilgan I.R. vafot etgan bo‘lib, 1987 yilda tug‘ilgan I.N. va 2009 yilda tug‘ilgan I.S. turli darajada tan jarohatlari olgan.

Birlamchi ma'lumotlarga ko‘ra, chaqnashning asosiy sababi sifatida tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining buzilishi taxmin qilinmoqda.

Voqea joyida Toshkent viloyati hokimligi, viloyat IIB, FVB, SSB va tegishli idoralarning kuch va vositalari jalb qilingan bo‘lib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi gaz va isitish moslamalaridan foydalanish qoidalariga rioya qilishni so‘ragan.

Favqulodda vaziyat ro‘y berishi sabablari bo‘yicha ma'lumot taqdim etib boriladi, deyiladi ma'lumotda.

Top