13:17 / 01.12.2020
23698

Toshkent shahar ma'muriy sudi sudyalari va yordamchilari 8 mlrd so‘mni talon-toroj qilgani ma'lum qilindi

Toshkent shahar ma'muriy sudi sudyalari va yordamchilari davlatning 8 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ini talon-toroj qilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtashevaga asoslanib, Daryo nashri xabar bermoqda.

30 noyabr kuni Oliy sudda bo‘lib o‘tgan konferensiyada agentlik direktori o‘rinbosari davlat mablag‘larini talon-toroj qilishda sudyalar bilan bog‘liq jinoyat ishlariga to‘xtalib o‘tgan.

Jumladan, U.To‘xtasheva Toshkent shahar ma'muriy sudining bir necha sudyalari va ularning yordamchilariga oid jinoyat ishi bo‘yicha ma'lumot bergan.

«Sudning bir necha sudyalari va ularning yordamchilari Toshkent shahar IIBB YHXB Ma'muriy amaliyot bo‘limi xodimlari bilan oldindan jinoiy til biriktirgan. Ular yo‘l harakati qoidalari buzilganligi yuzasidan tuzilgan ma'muriy ishlarni kirim qilmasdan, taraflar ishtirokida ko‘rib chiqmasdan va ayrim ma'muriy ishlarni qasddan yo‘qotib, 5 mingga yaqin soxta qaror chiqargan», degan u.

Ma'lum qilinishicha, hozirda Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahar ma'muriy sudi sudyalari va boshqa xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ushbu ish doirasida tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top