17:50 / 01.12.2020
13471

YeChL. 5-tur oldidan. Kimda qanday imkoniyat?

Bugungi o‘yinlarda «Real» va «Liverpul» pley-offni hal qilishi, «Inter» turnir bilan xayrlashishi mumkin.

Foto: Sport Ekspres

Bugun Yevropa Chempionlar Ligasining 4 guruhida 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Tabiiyki, bir nechta uchrashuvda pley-off ishtirokchisi, ba'zi o‘yinlarda guruh omadsizlari aniqlanishi mumkin. Shu kungacha 4 jamoa rasman keyingi bosqich masalasini hal qilgan bo‘lsa, 8 jamoa turnirni davom ettirishdan butunlay umidini uzgan. Ammo o‘sha klublarda ham o‘z ishtiroki bilan turnir jadvaliga ta'sir o‘tkazish imkoniyati bor.

A guruhi
«Lokomotiv» – «Zalsburg» (22:55)

«Atletiko» – «Bavariya» (00:55)

 

Ushbu guruhda «Bavariya» 100 foiz natija ko‘rsatib, allaqachon keyingi bosqich masalasini ham hal qilib bo‘lgan. Myunxenliklar hatto guruhdagi 1-o‘rin masalasini hal qilgan yagona jamoa hisoblanadi. «Bavariya»ni o‘z maydonida qabul qiladigan «Atletiko»ga esa, ochko suv va havodek zarur.

Madridliklar 4 o‘yindan 5 ochko jamg‘arishgan va guruhda ikkinchi o‘rinni egallab turishibdi. Rossiyaning «Lokomotiv» jamoasida esa 3 ochko bor. Agar «Atletiko» nemislarga yutqazadigan bo‘lsa, «Lokomotiv» o‘z maydonida «Zalsburg»ni yutib, ispanlarni quvib o‘tishi mumkin. Yoki avstriyaliklar Moskvada g‘alaba qozonishsayam, «Atletiko»ga yaqinlashib olishadi. So‘nggi turda «Zalsburg» o‘z maydonida Simeone shogirdlarini qabul qilishlarini inobatga olsak, o‘sha o‘yin guruhdan chiqish finaliga aylanib ketishi mumkin. Xullas, Madrid klubi o‘tgan turda o‘z maydonida «Lokomotiv»ni yuta olmay vaziyatni og‘irlashtirib qo‘ydi. Endi jamoa yo «Bavariya» ustidan g‘alaba qozonishi kerak yoki barcha masalani so‘nggi turga qoldirishga majbur.

V guruhi
«Shaxtyor» – «Real» (22:55)

«Borussiya» M – «Inter» (00:55)

«Real» «Inter» ustidan ikki o‘yinda ham g‘alabaga erishib, vaziyatni ancha o‘nglab olgan bo‘lsa-da, vazifani oxirigacha yetkazib qo‘yish uchun bugun «Shaxtyor»ga yutqazmasligi kerak bo‘ladi. Ukrainaliklar hozirda «Real»dan uch ochko ortda bormoqda. Agar g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, ochkolar soni bo‘yicha «Real» bilan tenglashib, guruh jadvalida bu raqibni ortda qoldirgan holda 2-o‘ringa ko‘tarilib olishadi. Sababi, reglamentga ko‘ra, agar ochkolar teng bo‘lib qolganda, eng birinchi bo‘lib, o‘zaro o‘yinlar natijasi inobatga olinadi. Ma'lumki, «Shaxtyor» Madridda 3:2 hisobida g‘alaba qozongan. Agar bu o‘yinda mehmonlar g‘alaba qozonishsa, «Shaxtyor» keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini butunlay yo‘qotadi, Zidan shogirdlari esa muddatidan avval keyingi bosqich masalasini hal qilishadi.

Parallel bo‘lib o‘tadigan «Borussiya» – «Inter» o‘yini esa, milanliklar uchun so‘nggi imkoniyatdir. Konte shogirdlari Chempionlar Ligasida qolish uchun qolgan ikki uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilishlari va so‘nggi turda «Real»ning «Borussiya»ga ochko bermasligidan umid qilishlariga to‘g‘ri keladi. «Borussiya» esa «Inter»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, qolgan o‘yinlar natijasidan qat'i nazar, pley-offdagi ishtirokini ta'minlaydi. 

S guruhi
«Portu» – «Manchester Siti» (00:55)

«Marsel» – «Olimpiakos» (00:55)

Bu guruhda ham keyingi bosqich masalasini hal qilgan jamoa bor – «Manchester Siti». «Shaharliklar»ning «Portu»ga qarshi o‘yini esa guruhdagi 1-o‘rin masalasiga oydinlik kiritishi mumkin. Agar Pep Gvardiola shogirdlari durang qayd etadigan bo‘lsa ham, o‘rtadagi uch ochkolik farq saqlanib qoladi va o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik evaziga «Manchester Siti» rasman 1-o‘rinni o‘ziniki qilib oladi.

«Portu» uchun qaysidir ma'noda shu o‘yinda 1 ochko olish ham yetarli. Ana shunda portugaliyaliklar ham pley-off masalasini amalda hal qilgan bo‘ladi. Zero «Portu»ning «Olimpiakos» bilan farqi hozirda 6 ochkoga teng. Mabodo, «Portu» bu turda yutqazib, «Olimpiakos» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa ham, greklardan so‘nggi turda «Portu»ni yirik hisobda yengish talab etiladi. Chunki birinchi davradagi o‘yinda portugaliyaliklar 2:0 hisobida ustun kelishgan.

Bugun Fransiyada bo‘lib o‘tadigan «Marsel» – «Olimpiakos» o‘yinida mezbonlar uchun ham o‘ziga yarasha vazifa bor. Hech bo‘lmasa, Yevropa Ligasiga beriladigan yo‘llanma uchun ham, fransuzlar g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi.

D  guruhi
«Atalanta» – «Midtyullann (00:55)

«Liverpul» – «Ayaks» (00:55)

«Liverpul» kutilmaganda o‘z maydonida «Atalanta»ga yutqazishi guruhdagi vaziyatni biroz chigallashtirib yubordi. Lekin hali ham Klopp shogirdlari guruhda asosiy favorit bo‘lib turishibdi. Inglizlar raqiblardan 2 ochko ko‘p jamg‘arishgan, buning ustiga «Midtyullann» bilan o‘yinda ham osonlik bilan ochko qo‘lga kiritishlari mumkin.

«Ayaks»ga qarshi bugun bo‘lib o‘tadigan o‘yinda «Liverpul» g‘alaba qozonsa, rasman pley-off yo‘llanmasini hal qilgan bo‘ladi. Hatto mag‘lubiyat ham mersisaydliklar uchun fojia emas. «Atalanta» ham o‘z o‘yinida g‘alaba qozonib, «Liverpul» guruhda uchinchi o‘ringa tushib qoladigan taqdirda ham, oxirgi turda «Atalanta» va «Ayaks»ning o‘zaro o‘yini bor.

Liverpulliklar xotirjam Daniya klubi ustidan g‘alaba qozonib, ikki raqibdan birini quvib o‘taverishi mumkin. Lekin tabiiyki, Klopp barcha masalani shu bugun hal qilishni istaydi. Birinchidan, guruhda 1-o‘rinni olish ham nimchorak finaldagi qur'ada ustunlik taqdim etadi, ikkinchidan, shundoq ham APLda tig‘iz taqvim va muhim o‘yinlar ko‘pligi bois, hafta o‘rtasida sovuq Daniyada masalani hal qilish yaxshigina muammo tug‘diradi.

«Atalanta» bu turda oson g‘alaba qozonib, guruhda o‘zi uchun qulay o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin. Lekin, payqaganingizdek, bu to‘rtlikdagi ikkinchi yo‘llanma sohibi oxirgi turda, Amsterdamda, «Ayaks» va «Atalanta»ning o‘zaro uchrashuvida aniqlanadi.  

Mavzuga oid
Top