09:27 / 02.12.2020
12237

«E-IJRO AUKSION»: Yer qa'ri uchastkalari 199 mlrd so‘mga sotildi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi «Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 403-sonli qaroriga muvofiq strategik turdagi foydali qazilma uchastkalari «E-ijro auksion» elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilgan edi.

Joriy yilning 30 noyabr kuni «E-ijro auksion» elektron savdo maydonchasida jami boshlang‘ich narxi 6,7 mlrd so‘mlik 22 ta strategik va noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer uchastkalari uchun qizg‘in onlayn-auksionlar o‘tkazildi. Oltin, mis, marganets, nodir metallar va boshqa foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalari uchun savdolarda 152 nafar ishtirokchi qatnashib, onlayn savdolar natijasida mulklarni 198,9 mlrd so‘mga realizatsiya qilishga erishildi.

Jumladan,

1. Navoiy viloyati hududida joylashgan boshlang‘ich narxi 223 mln so‘mlik Bozgul yer qa'ri uchastkasi (oltin) uchun 56,9 mlrd so‘m narx tasdiqlandi.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan boshlang‘ich narxi 2,9 mlrd so‘mlik Urusay yer qa'ri uchastkasi (oltin) uchun 19,6 mlrd so‘m narx tasdiqlandi.

Ushbu yer qa'ri uchastkalari uchun o‘tkazilgan auksion savdolarining g‘oliblari 10 kun ichida mablag‘ni to‘liq to‘lashi talab etiladi. Shuningdek, mulkning sotilishidan kelib tushgan mablag‘ning deyarli 100 foizi (198,8 mlrd so‘m) Davlat budjetiga o‘tkazilishi belgilangan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK PR-xizmati

Top