01:11 / 02.12.2020
22236

Pensiya jamg‘armasi ish stajini hisoblashdagi qo‘shib yozishlar haqida ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

Davlat pensiyalarini tayinlashda korxona, tashkilot va arxiv idoralaridan taqdim etilayotgan ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarning qanchalik asosli va qonuniyligi o‘rganilganida, «O‘zarxiv» agentligining ayrim quyi bo‘g‘inlari bir qator noto‘g‘ri va asossiz ma'lumotlar taqdim etayotgani holatlari aniqlanmoqda.

Bu haqda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

«Toshkent viloyati Pskent tumani xo‘jalik hisobidagi idoralararo shaxsiy tarkib hujjatlar arxividan taqdim etilgan hujjatlarning asosli berilishi ushbu arxiv fondida saqlanayotgan sobiq «Sverdlov» kolxozining 1984, 1985 va 1986 yillar uchun ish vaqti hamda ish haqlarini hisoblash kitoblari qaytadan boshqa yangi kitoblarga ishlamagan fuqarolarning ismi va familiyalari qo‘shilgan holda ko‘chirib chiqilayotgani kuzatildi.

Misol uchun, «Sverdlov» kolxozining 1984 yildagi haqiqiy ish haqi hisoblash kitobi 60-tartib raqamidagi T.Q. ism-familiyasi bilan yakunlangan bo‘lsa, yangidan ko‘chirib chiqilayotgan kitobida 63-tartib raqami bilan H.M. ism-familiyasi bilan yakunlangan. Ya'ni kitobning so‘nggi sahifasiga 3 nafar fuqaroning ism-familiyalari qo‘shib yozilgan holda, eski kitob yangilanayotgani aniqlandi.

Xuddi shuningdek, ushbu kolxozning 1985 yil uchun yuritilgan haqiqiy kitobi 53-tartib raqamdagi X.Sh. ism-familiyasi bilan yakunlangan bo‘lsa, shu yil uchun yangidan ko‘chirib chiqilgan kitobi 60-tartib raqamidagi G‘.A. ism-familiyasi bilan yakunlangan va so‘nggi sahifalariga 7 nafar fuqarolarning ism-familiyasi qo‘shib yozib chiqilgani, fuqarolardan biri B.R.ga Pensiya jamg‘armasi Pskent tuman bo‘limi tomonidan ijtimoiy nafaqa tayinlangani ma'lum bo‘ldi.

Fuqaro B.R.ning Pskent tuman xo‘jalik hisobidagi idoralararo shaxsiy tarkib hujjatlar arxivi tomonidan taqdim qilingan 1986 yilda «A.Navoiy» kolxozida ishlagan davri uchun yozib berilgan ish staji va haqlari (ish kunlari) to‘g‘risidagi ma'lumotlari arxiv fondida saqlanayotgan birlamchi hujjatlari bilan solishtirib o‘rganilganda, uning ismi-familiyasiga ish haqi va ish kunlari kitobida mavjud emasligi aniqlandi.

Natijada R.B.ning yoshga doir ijtimoiy nafaqaga huquqi yo‘qligi va 20.01.2020 yildan o‘rganish kuniga qadar 3,6 mln so‘mlik ijtimoiy nafaqa noto‘g‘ri tayinlanib, to‘langani aniqlandi.

Pskent tuman xo‘jalik hisobidagi idoralararo shaxsiy tarkib hujjatlar arxivning yangi kitoblariga ism-familiyalari qo‘shilgan yana 78 nafar fuqaroning ro‘yxatlari shakllantirilib, hozirda o‘rganish va monitoring ishlari davom ettirilmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tuman xo‘jalik hisobidagi idoralararo shaxsiy tarkib hujjatlar arxivi tomonidan 5 nafar fuqaroning shubhali bo‘lgan ish staji va ish haqlari to‘g‘risida ma'lumotnomalari mazkur arxiv fondida saqlanayotgan hujjatlari bilan solishtirib o‘rganilganda, barchasining hujjatlarida qo‘shib yozishlar va boshqa noto‘g‘ri ma'lumotlar berilgani natijasida 6 nafar pensiyaga huquqi bo‘lmagan fuqaroga 22 mln so‘m miqdoridagi pensiya to‘lovlari amalga oshirilganligi aniqlandi.

Jumladan, fuqaro R.T.ning arxiv tomonidan taqdim qilingan 1977–1991 yillarda sobiq «Niyazbosh» kolxozida ishlagan davri uchun yozib berilgan ish kunlari to‘g‘risidagi ma'lumotlari solishtirib o‘rganilganda, 1990–1991 yillarda hisoblangan nafaqa pullari ish kuni sifatida yozib berilgani aniqlandi. Natijada pensiyaga huquqi bo‘lmagan fuqaroga noqonuniy pensiya tayinlanib, 5,9 mln so‘m ortiqcha pensiya to‘langani aniqlandi», – deyiladi jamg‘arma xabarida.

Top