08:45 / 02.12.2020
6066

«Sudlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

O‘zbekistonda sud hokimiyati faqat sudlar tomonidan sudyalar va qonunda nazarda tutilgan hollarda odil sudlovni amalga oshirishga jalb etiladigan xalq maslahatchilari orqali amalga oshiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekistonda sud hokimiyati davlat hokimiyatining alohida tarmog‘i bo‘lib qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda faoliyat ko‘rsatadi.

Qonunga ko‘ra sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan murojaatlar, arizalar va shikoyatlar boshqa organlar yoki mansabdor shaxslar tomonidan ko‘rib chiqilishi yoxud nazoratga olinishi mumkin emas.
 
O‘zbekistonda:

  • Konstitutsiyaviy sud;
  • Oliy sud;
  • Harbiy sud;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi umumiy yurisdiksiya sudi, viloyatlar va Toshkent shahar umumiy yurisdiksiya sudlari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar ma'muriy sudlari;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari;
  • jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari;
  • tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari;
  • tumanlararo ma'muriy sudlari;
  • hududiy harbiy sudlar faoliyat ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda ishlarning toifalariga ko‘ra sudlarning ixtisoslashuvi amalga oshirilishi mumkin.

Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Ochiq sud majlisida istalgan shaxslar hozir bo‘lish huquqiga ega. Shaxs tomonidan sudga yoki sud protsessi ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikdan dalolat beruvchi harakatlar sodir etilgan taqdirda, bunday shaxs sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin.

Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalarining vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda foto suratga olishni va video hamda audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.

Sud protsessi ishtirokchilariga qonunda belgilangan tartibda videokonferensiya rejimida sud majlisida ishtirok etish imkoniyati ta'minlanadi.

Sud majlisi buning uchun maxsus jihozlangan xonada – taraflar o‘z protsessual huquqlarini ro‘yobga chiqarishlari va protsessual majburiyatlarini bajarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan sud majlislari zalida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat organlari va boshqa organlarning, mansabdor shaxslarning har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakatlaridan (qarorlaridan), shuningdek hayoti va sog‘lig‘i, sha'ni va qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi va mol-mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ham sud himoyasida bo‘lish huquqiga egadir.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda fuqarolar, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ishni sud muhokamalarida ko‘rishda prokuror ishtirok etadi.

Ayblanuvchi, uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmagunga va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmagunga qadar, aybsiz hisoblanadi.

Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.

Mavzuga oid
Top