18:05 / 02.12.2020
5920

XTV: Ichki auditda 70 mlrd so‘mlik o‘g‘rilik va o‘zlashtirish holatlari aniqlandi, 100dan ortiq mas'ullarga chora ko‘rish topshirildi

O‘tgan 11 oy davomida jami 69,8 mlrd so‘m ish haqidan o‘g‘rilik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlangan. 396 ta holat bo‘yicha 149 mlrd so‘mlik hujjatlar to‘plami qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

2 dekabr kuni Xalq ta'limi vazirligida Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi faoliyati natijalari to‘g‘risida navbatdan tashqari Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

“2019 yildan boshlab barcha hududiy Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati auditorlari vazirlikning markaziy apparati tarkibiga o‘tkazilib, ularning mustaqilligi ta'minlandi va ushbu xizmatni kuchaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur Hay'at yig‘ilishida vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan amalga oshirilgan o‘rganish ishlari natijasida tizimdagi ta'lim muassasalarida ish haqidan o‘g‘irlik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari muhokama qilindi. Ma'lum bo‘lishicha, tizimda o‘tgan 11 oy davomida jami 69,8 mlrd so‘m ish haqidan o‘g‘rilik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha:

  • 84,3 mlrd so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha boshqa noqonuniy xarajatlar;
  • 38,7 mlrd so‘m “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgan xaridlar;
  • 24,1 mlrd so‘m xatlov natijasida aniqlangan kamchiliklar;
  • 3,9 mlrd so‘m boshqa xato va kamchiliklar aniqlangan.

Shu davr mobaynida jami 220,8 mlrd so‘m (shundan Hisob palatasi, Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 110,9 mlrd so‘m yoki 50,1 foiz) miqdoridagi moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.

Misol uchun, Andijon viloyatining Andijon shahrida 20,4 mlrd so‘m, Jizzax viloyati Zarbdor tumanida 7,8 mlrd so‘m hamda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 4,2 mlrd so‘m naqd pul mablag‘lari hisoblangan ish haqiga nisbatan ortiqcha olinib, kassaga kirim qilinmagan va o‘zlashtirib yuborilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatining Andijon shahrida 7,9 mlrd so‘m, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani 4,9 mlrd so‘m, Samarqand viloyatining Payariq tumanida 3,2 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 2,9 mlrd so‘m, Qamashi tumanida 1,8 mlrd so‘m hamda Andijon viloyatining Marhamat tumanida 0,9 mlrd so‘m mablag‘ ishlamaydigan xodimlarga hamda ortiqcha ish haqi hisoblash orqali o‘zlashtirilgan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan 396 ta holat bo‘yicha 149 mlrd so‘mlik hujjatlar to‘plami qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan. 

Shu bilan birga, amalga oshirilgan profilaktika ishlari natijasida 135 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olingan va bartaraf etilgan. 

Amalga oshirilgan tadbirlar natijasi bo‘yicha o‘tkazilgan Hay'at qarori bilan moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 100 nafardan ortiq mas'ul xodimlarga tegishli intizomiy choralar ko‘rilishi, o‘zlashtirilgan mablag‘larning undirilishi yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganish natijasi bo‘yicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish va ularni kelgusida takrorlamaslik yuzasidan Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va doimiy ravishda kameral nazorati olib borilmoqda.

Bundan tashqari, “O‘zASBO” dasturiy majmuasida ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmaslik maqsadida tegishli modullar yaratilgan va doimiy ravishda muvofiqlashtirilib borilmoqda.

Shuningdek, o‘rganish davomida aniqlangan holatlarni kelgusida oldini olish maqsadida vazirlik tomonidan Xalq ta'limi tizimini boshqarish bo‘yicha yagona elektron dasturiy majmua ishlab chiqilmoqda.

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘larning samarali ishlatilishini ta'minlash, tizimdagi moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish yuzasidan ishlar davom ettiriladi”, – deyiladi Xalq ta'limi vazirligi xabarnomasida.

Top