18:41 / 04.12.2020
3467

Davaktiv agentligi: bozor va savdo komplekslarini sotish jarayoni hali boshlangani yo‘q

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarining sotilishi (xususiylashtirilishi) hali boshlanmaganini ma'lum qildi.

Foto: Ilya Buyanovskiy

4 dekabr kuni agentlik tarqatgan xabarda bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarining sotilishi (xususiylashtirilishi) O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qarori qabul qilingandan keyin, unda belgilangan talablar asosida amalga oshirilishi ma'lum qilingan.

Joriy yil 27 oktyabrda Prezidentning «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xusususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan. Mazkur hujjatda mamlakatdagi 500dan ortiq bozor va savdo komplekslari alohida yondashuv asosida isloh qilinishi haqida topshiriq mavjud. Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli vazirliklar, idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgan.

Ta'kidlanishicha, agentlik tomonidan bozor va savdo komplekslarining moliyaviy ko‘rsatkichlari va mulkiy masalalari o‘rganilmoqda va qaror loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

Agentlik xabarida ta'kidlanishicha, normativ hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha amaldagi tartibga asosan qaror loyihasi maxsus veb portalda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, bildirilgan fikr va mulohazalar, vazirlik, idoralar va mahalliy hokimliklarning takliflari fikr-mulohazalari eshitiladi, shu bilan birga soha mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, mustaqil kuzatuvchilar, OAV vakillari va keng jamoatchilik ishtirokida davra suhbati ko‘rinishida muhokama tashkil qilinadi, bu jarayon OAVda yoritiladi.

«Muhokama natijalari asosida qayta ishlangan qaror loyihasi Adliya vazirligining yuridik ekspertizasi asosida Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarning savdolarga qo‘yilishi, sotilishi va sotishdan keyingi monitoring jarayonlari qonunchilik talablari asosida Agentlik rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlari va OAVda doimiy ravishda yoritib boriladi», — deyiladi xabarda.

Farmonda belgilanganidek, bundan asosiy maqsad ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lgan bozor va savdo komplekslarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, sanitariya-gigiyena talablari darajasida saqlash, bozor faoliyati uchun zarur infratuzilmani shakllantirish hisoblanadi.

Top