15:59 / 06.12.2020
9641

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi «Uzbekneftegaz GTL» zavodini ishga tushirishga tayyorgarlik holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va ishchi guruh a’zolari Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida barpo etilayotgan «Uzbekneftegaz GTL» zavodidagi qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash oldi ishlari bilan tanishdi.

Markaziy Osiyoda eng yirik ishlab chiqarish loyihasi bo‘lishi kutilayotgan ushbu zavodning qurilish ishlari yakuniy bosqichida nimalar bajarilayotgani va qanday kamchiliklar mavjudligi batafsil o‘rganildi.

Boshqaruv raisi «Uzbekneftegaz GTL» zavodining qurilish va ishga tushirish oldi va sozlash ishlari jarayonlarida ishchi-xodimlar, mutaxassislarning o‘z ishlariga fidoyiligi natijasida loyiha uzluksiz davom ettirilganini e’tirof etdi.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi bo‘lishiga qaramay, qurilish-montaj ishlari davom etgani va bunga mehnatkash ishchi-xodimlarning qahramonliklari sabab ekani alohida ta’kidlandi.

Boshqaruv raisi qurilish ishlarida Bosh pudratchi bo‘lgan «ENTER Engineering» kompaniyasining mas’ullari bilan uchrashib, ishchilar uchun yaratilgan mavjud sharoitlarni o‘rgandi.

Aynan ishchilarning ovqatlanishi, hordiq chiqarishlari va ishlashlari uchun qo‘shimcha tarzda yaratilgan sharoitlar ko‘rib chiqildi va ularning muammoli masalalari o‘rganildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari zavoddagi bir qator uskuna va texnologik qurilmalarning ishga tushirish-sozlash oldi ishlari bajarilishi jarayonlari holati bilan ham yaqindan tanishdi.

Ushbu jarayonda uskunalarni ishga tushirish va ekspluatatsiya qiladigan personalni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

Loyiha doirasida ishlarni jadallashtirish va muvaffaqiyatli yakunlash yuzasidan zarur bo‘lgan topshiriqlar berildi.

Ayni vaqtda, loyiha doirasida 92,5 foizga, shu jumladan, qurilish-montaj ishlari deyarli bajarilgan bo‘lib, qurilish maydonida 13,1 mingdan ziyod ishchi-xodim va 1000 ga yaqin maxsus texnika ish olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu zavod ishga tushgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tozalangan tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna neft, kimyo sohasi uchun xomashyo bo‘lgan nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishiga erishiladi.

 «O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top