08:13 / 07.12.2020
32149

Hindistonda yuzlab kishilar noma'lum kasallikka chalindi. Bir kishi vafot etgan

Dam olish kunlari Hindiston janubidagi Andxra-Pradesh shtatida joylashgan Eluru shahrida noma'lum kasallik avj ola boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Dushanba tongidagi ma'lumotlarga ko‘ra, kasallikdan bir kishi vafot etib, 315 kishi xuddi shu kasallik belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Foto: PTI

Tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, kasallik alomatlari turlicha namoyon bo‘lmoqda. The Hindu gazetasi ma'lum qilishicha, bemorlarda bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i va epilepsiya (tutqanoq) simptomlari kuzatilmoqda.

Kasallik Hindistonda koronavirus pandemiyasi avj olgan vaqtda boshlandi. Mamlakat hozirda koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi (9,7 mln holat), o‘lim holatlari soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda (140 mingdan oshiq) joylashgan.

Andxra-Pradeshda Covid-19 bilan kasallanganlar soni 800 mingdan oshiq - bu Hindistondagi 28 shtat va 8ta ittifoq hudud bo‘yicha uchinchi ko‘rsatkichdir.

The Times of India ma'lumotlariga qaraganda, kasallanganlar 5 dekabr, shanba kuni shifokorlarga murojaat qila boshlagan. O‘sha kuni noma'lum kasallik belgilari Eluruning turli hududlarida yashovchi 45 kishida aniqlangan.

Shtat sog‘liqni saqlash vaziri Kali Krishna Shrinavasning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda shifoxonalarga olib kelinganlarning barchasida koronavirus testi manfiy natija bergan.

Nashrning yozishicha, ekspertlar kasallik kelib chiqishi bilan bog‘liq bir nechta versiyalarni ko‘rib chiqmoqda, ular orasida havo ifloslanishi oqibatida yoki sifatsiz oziq-ovqatlardan zaharlanish.

«Kasallanganlar, ayniqsa bolalar, ko‘zlarida achishishdan shikoyat qilgach, birdan qayt qila boshlashgan. Ulardan ba'zilari hushidan ketgan yoki ularni tutqanoq tuta boshlagan», degan Elurudagi shifoxonalardan birining xodimi Indian Express uchun bergan intervyusida.

Mahalliy sog‘liqni saqlash organlari xabar qilishicha, kasallanganlar tez sog‘aymoqda, ularning 100dan ortig‘iga uyga ketishga ruxsat berilgan. Ayni paytda suv, oziq-ovqatlar va bemorlarning qon tahlillari natijalari kutilmoqda.

Shtat bosh vaziri Jaganmoxan Reddi Eluruda kasallik sababini aniqlash uchun mutaxassislar jalb etilgani va o‘zi bemorlar hamda ularning oila a'zolari bilan uchrashmoqchi ekanini ma'lum qilgan.

«Kasallanganlarning uylariga borib, biz gap suvda yoki havoda ekanini istisno qildik. Bu qandaydir sirli kasallik, laborator tadqiqotlar natijasiga ko‘ra bir gap aytish mumkin», degan Kali Krishna Shrinavas. 

Muxolifatdagi Telugu Desam partiyasi esa ommaviy zaharlanish haqida gumon qilib, sinchikovlik bilan tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan.

Top