21:34 / 07.12.2020
8591

Tanqiddan so‘ng: Asossiz deportatsiyaga hukm qilingan ayolning huquqlari Oliy sudda tiklandi

Shu yilning 1 iyul kuni Kun.uz «Terminal» filmining o‘zbekcha talqini yoxud mantiqsizlik mahkumasi» sarlavhali maqola e'lon qilgan edi. Unda sudning tushunarsiz qarori natijasida arosatda qolayotgan ayol taqdiri hikoya qilingandi.

Maqola qahramoniQarshi shahrida yashovchi Intizor Mamadaliyeva Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2013 yil 18 yanvardagi hukmiga ko‘ra, fuqarolik pasportini noqonuniy tarzda qo‘lga kiritgan deb topilib, uni O‘zbekistondan Qirg‘izistonga deportatsiya qilish belgilanadi.

I.Mamadaliyevaning sud hukmiga apellyatsiya tartibida kiritgan shikoyati viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib (2013 yil 26 fevral), sud hukmi o‘zgartirishsiz qoldiriladi.

Deportatsiya chorasi belgilanishining mantiqsizligi shunda ediki, I.Mamadaliyeva Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi hisoblanmas edi. Buning oqibatida I.Mamadaliyeva na Qirg‘izistonga deportatsiya qilinadi va na fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida yashash guvohnomasiga ega bo‘ladi.

Sud tomonidan atroflicha o‘rganilmay belgilangan mazkur chora tufayli O‘zbekiston fuqarosining rafiqasi va uch nafar O‘zbekiston fuqarosining onasi bo‘lgan I.Mamadaliyeva mana shunday arosatda qolib kelayotgan edi.

Oradan yillar o‘tib, I.Mamadaliyevaning deportatsiya chorasini bekor qilishni so‘rab nazorat tartibida Oliy sudga yo‘llagan bir qator shikoyatlari sud qarorlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi vaji bilan rad etib kelindi.

Nihoyat, I.Mamadaliyevaning o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud qarorlaridagi deportatsiyaga oid qismini bekor qilishni so‘rab yo‘llagan navbatdagi shikoyati Oliy sudda nazorat tartibida ko‘rib chiqildi.

Mazkur ish bo‘yicha Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2020 yil 1 dekabr kuni chiqargan ajrimiga binoan I.Mamadaliyevaga nisbatan chiqarilgan JIB Qarshi shahar sudining 2013 yil 18 yanvardagi hukmi va JIB Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2013 yil 26 fevraldagi ajrimi o‘zgartirilib, mazkur sud hujjatlaridagi I.Mamadaliyevaning Qarshi shahar IIB organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborilishini belgilashga oid qismlari bekor qilindi.

«Sud I.Mamadaliyevaning aybi isbotlangani haqida asosli xulosaga kelib, uni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborish (deportatsiya)ni belgilab xatoga yo‘l qo‘ygan», – deyiladi Oliy sud ajrimida.

Endilikda, I.Mamadaliyeva fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lishi, o‘z oilasi bag‘rida xotirjam yashashi mumkin.

Mavzuga oid
Top