17:38 / 09.12.2020
5069

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi savdo zonalari tashkil etishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning 8 dekabr kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Qirg‘iziston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Artyom Novikov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuvda ko‘p qirrali sheriklik masalalari, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro aloqalarni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli choralar muhokama qilindi.

Savdo sohasida ijobiy tendensiyalar qayd etildi - so‘nggi uch yil ichida o‘zbek-qirg‘iz tovar aylanmasi hajmi 5 barobardan ziyod o‘sdi va pandemiya sharoitida ham ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik darajasi va iqtisodiyotlar salohiyatini hisobga olgan holda, tomonlar o‘zaro savdo hajmini yaqin kelajakda 1 mlrd dollar darajasigacha yetkazish maqsadida uni ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shma choralarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Chegaraoldi savdo zonalari, shuningdek, chegaraoldi viloyatlarda ulgurji tarqatish va agrologistik markazlar tashkil etish istiqbollari qayd etildi, bu o‘zbek va qirg‘iz mahsulotlarini istiqbolli bozorlarga yetkazib berishni oshirish va tovar aylanmasi tarkibini diversifikatsiya qilishga imkon beradi.

Tomonlar sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi. Xususan, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi texnikasi, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda yuqori salohiyat qayd etildi.

Kelishilgan loyihalarni va savdo, transport, o‘zaro investitsiyalar sohasida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy choralarni o‘z ichiga olgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy choralar rejasini ("Yo‘l xaritasi") ikki tomonlama ishlab chiqishni tezlashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasining yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish va savdo hamkorligini rivojlantirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma choralarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Hukumat rahbarlari darajasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi doirasida ishbilarmonlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish ushbu choralardan biri ekani aytiladi.

Transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi, tomonlar "XXR-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" temir yo‘l yo‘lagidan foydalanish masalasida yaqin hamkorlikni davom ettiradi.

Shuningdek, tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari orqali Xitoydan Yevropaga multimodal yuk tashish tizimida "Andijon-O‘sh-Irkeshtam-Qashg‘ar" avtomobil yo‘nalishidan samarali foydalanishni ta'minlash zarurligini ta'kidladi.

Shu bilan birga, tomonlar kelishilgan avtobus yo‘nalishlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida xalqaro yo‘lovchi tashishni qayta boshlashni tezlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Hududiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy choralarga alohida e'tibor qaratildi. Hududiy ko‘lamda yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor munosabat bildirish va ularni hal qilishda o‘zaro yordam ko‘rsatish uchun ikki mamlakatning chegaraoldi viloyatlari rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilish mexanizmini yaratish dolzarbligi qayd etildi.

Ushbu masalalar uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan O‘zbekiston chegaraoldi viloyatlari rahbarlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari kengashining 3-yig‘ilishida batafsil muhokama qilindi. Unda delegatsiyalar rahbarlaridan tashqari, O‘zbekistonning Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimlari, Qirg‘izistonning Botken, Jalolobod va O‘sh viloyatlaridagi hukumat vakolatli vakillari, shuningdek, ikki davlat vazirliklari va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish doirasida mintaqaviy kun tartibini hisobga olgan holda ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish jihatlari batafsil va har tomonlama ko‘rib chiqildi, shuningdek, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ustuvor vazifalar belgilab olindi. 

Mintaqalararo faol hamkorlik qilish asosida investitsiya, savdo, tadbirkorlik va madaniy-gumanitar sheriklik sohalarida chegaraoldi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. O‘zaro manfaatlar kesishmasining keng doirasini va iqtisodiy kooperatsiyaning yangi shakllarini o‘rnatish bo‘yicha istiqbolli g‘oyalar mavjudligini hisobga olgan holda, ustuvor tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish masalalarini ko‘zda tutgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mintaqaviy darajada kengaytirish bo‘yicha ikki mamlakat chegaraoldi viloyatlari ma'muriyatlari tomonidan alohida "Yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari kengashi 3-yig‘ilishining bayonnomasi imzolandi.

Mavzuga oid
Top