11:06 / 10.12.2020
6573

Samarqand viloyatida yangi qurilgan uyda qator kamchiliklar aniqlandi

2019 yilda Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida foydalanishga topshirilgan uyning suv nasosi ishlamay qolib, tashqi fasad qismi devorlaridagi kafellar o‘z-o‘zidan birin-ketin ko‘chib tusha boshlagan. 

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabariga ko‘ra, uyda o‘rnatilgan tarnovlar birinchi qor-yomg‘irning o‘zidayoq ko‘chib tushgan. Bu deraza romlarini nosoz holatga keltirgan.

Qayd etilishicha, yangi qurilgan uyning bitta kirish yo‘laklaridan boshlangan bu holat oqibatida tez kunda butun uy atrofi kafelga to‘lib ketgan. Bundan tashqari, yuqori qavatdagi aholi ham tomdan xonadonga sizib tushayotgan suvdan tashvishga tushgan.

“Bu haqda mazkur uyda yashovchi iste'molchi G.L. 1159 ishonch telefoniga murojaat qilmaganida kim bilsin, bu yangi uy keyinchalik qay ahvolga kelardi?

Murojaat Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Samarqand viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Natijada G.L.ning uy-joyida haqiqatan ham e'tiroz bildirilgan kamchiliklar borligi aniqlandi”, - deyiladi agentlik xabarida. 

Ma'lum qilinishicha, “Qishloq Qurilish Invest” MChJ injiniring kompaniyasi Samarqand filialining xodimlari nazorati ostida pudratchi tashkilot “Bekmurod Baraka Zamini” XK tomonidan barcha kamchiliklar to‘rt kun ichida bartaraf etilgan. 

Top