11:54 / 11.12.2020
14664

Atlantika okeanidagi orolga ulkan aysberg xavf solmoqda

Foto: EcoWatch

Atlantika okeanidagi Janubiy Georgiya oroli tomon ulkan o‘lchamdagi aysberg yo‘nalmoqda. Aysberg oroldagi yovvoyi tabiatga va millionlab pingvinlarga xavf solmoqda.

Britaniya harbiy-havo kuchlari Britaniyaning dengizorti hududi hisoblangan orolga yo‘nalayotgan 4,2 ming kvadrat kilometr maydonga ega muz bo‘lagi suratini e'lon qildi. Olimlarning fikricha, aysbergning orol bilan to‘qnashishi undagi yovvoyi tabiatni yo‘q qilishi mumkin.  

A68a nomi bilan ma'lum bo‘lgan aysberg deyarli orolning o‘zidek keladi. U 2017 yil iyulda Antarktika yarimorolidagi muzlikdan ajralib, 3 yildan ko‘proq vaqtdan beri okeanda suzib yuribdi. Uning dastlabki o‘lchami 6 ming kvadrat kilometrni tashkil qilgan. Aysbergdan maydaroq muz bo‘laklari ajralayotgani sababli u tobora o‘z hajmini yo‘qotmoqda.

“Aysberg orol bilan qachon to‘qnashishi noma'lum: bu bir necha kun yoki hafta ichida yuz berishi mumkin. Chunki aysberg okean oqimi bilan birga goh sekinlashmoqda, goh tezlashmoqda. Oqimlar muz bo‘lagini Janubiy Georgiyadan u yoki bu tomonga olib ketishi ham mumkin. Biroq u orolning janubiy chekkasidan 50 kmdan kamroq uzoqlikda suzmoqda. Aysberg shunday harakatlanishda davom etsa, uning orol bilan to‘qnashishi muqarrar”, deb aytgan Britaniya Antarktika xizmati mutaxassisi Geraynt Tarling.

Olimlar aysberg orol yaqinidagi sayozlikda ko‘p yillarga qolib ketishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda. Bunday holatda u mahalliy ekotizimga xavf tug‘diradi va orolda hayot kechiruvchi tyulenlar hamda 2 mlnga yaqin pingvinga muammo bo‘lishi mumkin. Bunda ushbu jonzotlarning yaqin atrofda ozuqa qidirishi qiyinlashadi. Gap shundaki, qirol pingvinlari kabi jonzotlar 16 kungacha ozuqa qidirib kezishi mumkin. Agar aysberg orol yaqinida qolib ketsa, pingvinlarning ozuqa qidirishi cho‘zilib ketishi va ularning och qolishiga olib kelishi mumkin.

Britaniya rasmiy shaxslarining ta'kidlashicha, A68a, shuningdek, hududda nazorat va baliqchilik ortidan kuzatuv olib boruvchi hukumat kemalariga to‘sqinlik qilishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top