13:16 / 11.12.2020
6833

Ko‘mir va suyultirilgan gaz ta'minotidagi talon-torojliklar haqida ma'lumot berildi

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida 6300dan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Foto: KUN.UZ

Aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta'minlash holatini o‘rganish bo‘yicha Senat kengashining majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda ishtirok etgan Bosh prokuratura vakili Behzod Ismoilovning ma'lumot berishicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mas'ul idoralarning 1200 nafardan ortiq mansabdor shaxslariga ogohlantirish berilgan bo‘lsa-da, bu masalada qonuniylik to‘liq ta'minlanmayapti.

“Ko‘mirning qora bozorga chiqib ketishi o‘rganilganda, 80dan ortiq holatda salkam ming tonna ko‘mir mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanish faktlari aniqlangan. Tadbirkor sifatida hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslar ko‘mir sotish bilan shug‘ullangan. 

Ko‘mirni joylarga yetkazib berish jarayonida 11ta holatda qariyb 1000 tonna ko‘mir 139 nafar shaxs tomonidan yurib ketayotgan vagonlarning o‘zidan tushirib olish holatlari kuzatilgan. Oqibatda, ko‘mir omborlariga belgilangan miqdordagi mahsulot yetib bormayapti. 

Ko‘mirning ijtimoiy soha obektlarida maqsadli sarflanmasligi bo‘yicha 20 mingta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Shuningdek, joylardagi idoralarning mansabdor shaxslari tomonidan aholiga yetkazilishi kerak bo‘lgan suyultirilgan gazni talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Xususan, Samarqandda 289 mln so‘mlik 42 tonna, Quyi Chirchiqda 492 mln so‘mlik 127 tonna suyultirilgan gaz mansabdorlar tomonidan noqonuniy sotilayotgan chog‘da aniqlangan”, deya Ismoilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha 6300dan ortiq qonun buzilishlari aniqlangan. 100dan ortiq idoraga taqdimnoma kiritilgan, qo‘pol qonun buzilish holatlari bo‘yicha 54ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 300ga yaqin mansabdorga intizomiy, 350 nafariga ma'muriy chora ko‘rilgan. 

Bosh prokuratura vakili aholiga ko‘mir va suyultirilgan gaz yetkazib berishda kuzatilayotgan talon-torojliklarning sabablariga to‘xtaldi.

“Yetkazib berish va ta'minot bo‘yicha qonunchilikda bo‘shliq mavjud emas. Bu borada yetarlicha normativ-huquqiy hujjatlar bazasi shakllangan. Faqat muammo joylardagi mutasaddilarning tartibni tushunmasligi, ular orasida targ‘ibot tadbirlarining yetarli emasligidadir”, dedi Behzod Ismoilov.

Top