10:18 / 11.12.2020
9471

Nogironlikni belgilash yuzasidan e'tirozlar bo‘lganda, qayerga murojaat qilish mumkin?

Cog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘i Umarali Nazarmatov bilan suhbatda nogironlikni belgilash yuzasidan e'tirozlar bo‘lganda, qayerga murojaat qilish mumkinligi haqida so‘radi. 

«Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, nogironlik to‘g‘risidagi ma'lumotnoma:

  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlash;
  • pensiyalarga ustamalar qo‘shish; 
  • bolalikdan nogironlarga va ish stajiga ega bo‘lmagan mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash uchun asos hisoblanadi.

Nogironlik to‘g‘risidagi ma'lumotnoma berish ikki qismdan iborat:

Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan xulosa chiqarilgan kundan tibbiy tekshiriluvchiga TMEK ma'lumotnomasining B qismi beriladi.

Nogironlik to‘g‘risidagi ma'lumotnomaning A qismi TMEK tomonidan xulosa chiqarilgan kundan boshlab yetti kun muddatda, istisno hollarda esa, tumanning uzoqda joylashganini hisobga olgan holda o‘n kun muddatda pensiya va nafaqa tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim etiladi. 

Ma'lumot uchun, hozirda barcha TMEKlarda «TMEK elektron dasturi» mavjud bo‘lib, ushbu dasturga nogironlik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar uzog‘i bilan 3 kun ichida kiritiladi va avtomatik tarzda Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi bilan o‘zaro elektron ma'lumot almashiladi. 

Bu o‘z navbatida nafaqalar vaqtida tayinlanishiga olib keladi.

Agar qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda nogironlik guruhi belgilanmasa, nogironlik guruhini olib tashlash to‘g‘risida ma'lumotnoma rasmiylashtiriladi. 
Bu ma'lumotnoma Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ham taqdim etiladi.

Norozilik bo‘lgan taqdirda...

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziluvchi TMEK qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda, bir oy mobaynida bosh TMEKga murojaat qilish mumkin.

Ariza tushgandan keyin 3 kun mobaynida tuman, tumanlararo, shahar, ixtisoslashtirilgan TMEKlar qayta tibbiy tekshirish dalolatnomasini bosh TMEKga beradi, 15 kun mobaynida ariza beruvchini qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va o‘z xulosasini chiqaradi. 

Fuqaro bosh TMEK xulosasiga ham rozi bo‘lmagan taqdirda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasiga yoki sudga murojaat qilishga haqli. 

Nogironlikni belgilash bilan bog‘liq savollarga Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining quyidagi telefon raqamiga murojaat qilgan holda javob olish mumkin: (71) 277-28-95;

Top