15:54 / 11.12.2020
39185

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomini oldi

11 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi raisi Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ning videoanjuman shaklidagi sammitida ishtirok etmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston va Kubaga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Tadbirda YeOIIga a'zo davlatlar – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi Moldova va taklif etilgan mamlakat sifatida Kuba yetakchilari ishtirok etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonning kuzatuvchi maqomini olish to‘g‘risidagi murojaati qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirib, YeOIIning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgani, tashkilotning xorijiy mamlakatlar bilan amaliy hamkorlik geografiyasi keng ekanini alohida ta'kidladi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi bosqichida O‘zbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotni rivojlantirish tarafdori ekani qayd etildi.

Davlat rahbari bunday sheriklikni rivojlantirish mamlakatlarning milliy manfaatlariga javob berishi, teng huquqlilik, o‘zaro foyda va manfaatlarni hisobga olish prinsiplariga asoslangan bo‘lishi lozimligini alohida ta'kidladi.

Shu yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi faoliyatida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etishi to‘g‘risidagi taklifni ma'qullagan edi.

Mavzuga oid
Top