12:32 / 11.12.2020
4062

Qarzdorning to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan davri uchun soliq to‘lovlari hisoblashni bekor qilish taklif etilmoqda

Iqtisodiy nochor korxonalar va tadbirkorlik sub'yektlarini moliyaviy inqiroz holatidan olib chiqish, ular faoliyatini qayta tiklash hamda sog‘lomlashtirish maqsadida amaldagi qonunchilik normalariga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar tomonidan to‘lovga qobiliyatsizlikning sog‘lomlashtirish taomillari orqali iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirishga qaratilgan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilingan.

Qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati sifatida quyidagi omillar sanab o‘tilgan:

  • amaldagi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning “bankrotlik” atamasi bilan nomlanishi iqtisodiy nochor korxonalarni bankrot deb topish va ularni tugatish bilan bog‘liq tushunchani anglatishi; 
  • bankrotlikning sog‘lomlashtirish taomillari, xususan sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillarining qo‘llanishini rag‘batlantiruvchi samarali normalar mavjud emasligi;
  • kreditorlarning qarzlari qoplanish darajasini pastligi va bankrotlik jarayonlari muddati uzoq davom etishi oqibatida ko‘p xarajat sarf bo‘lishi;
  • qarzdor tuzgan bitimlarni bajarishdan bosh tortish hamda uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha aniq normalar mavjud emasligi;
  • amaliyotda mol-mulki yetmasdan qoplanmay qolgan qarz mablag‘larini qarzdorning mansabdor shaxslaridan subsidiar yoki solidar tartibda undirish tartiblari belgilanmaganligi;
  • jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi instituti va amaliyoti mavjud emasligi;
  • sud boshqaruvchilarining haq huquqlari, majburiyatlari aniq belgilangan bo‘lsa ham ularning vakolatlari yetarli darajada emasligi, ularga ish haqi va mukofot pullarini berish kafolatlanmaganligi.

“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi” Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonuni negizida ishlab chiqilgan bo‘lib, quyidagi asosiy tartiblarni joriy etish orqali amaliyotda uchrayotgan yuqorida sanab o‘tilgan kabi muammolarni bartaraf etish hamda mazkur sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan. Jumladan:

  • to‘lovga qobiliyatsizlikning sog‘lomlashtirish taomillarini o‘tkazish jarayonida vujudga kelgan joriy soliq to‘lovlarini hisoblashni to‘xtatib turish va jarayon muddati yakunlangandan so‘ng to‘lash;
  • qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklari, moliya tashkilotlari va boshqa manbalarning mablag‘larini jalb etish;
  • sog‘lomlashtirish rejalarida oldindan qarzdorlikning qancha qismini qoplashni ko‘zda tutish, shuningdek qarzdorning mol-mulkini sotish nazarda tutilgan bo‘lsa, kreditorlar roziligi bilan uning narxini bosqichma-bosqich 50 foizgacha tushirib borishga ruxsat berish;
  • qarzdor tuzgan bitimlarni bajarishdan bosh tortish va qarzdorga foyda keltirmaydigan bitimlarni haqiqiy emas deb topish;
  • qarzdorni boshqaruvchi shaxslarning harakatlari va (yoki) harakatsizligi oqibatida, kreditorlarning talablarini to‘liq qoplanishini imkonsiz qilib qo‘ygan shaxslar qarzdorning qoplanmay qolgan majburiyatlari bo‘yicha sud qaroriga asosan subsidiar javobgar bo‘lishi;
  • jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi amaliyotini joriy etish va tartibga solish;
  • qarzdorning (jismoniy shaxsning) oylik daromadlaridan kelib chiqib, qarzdorlikni to‘lov grafigi asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini joriy etish;
  • qarzdor yuridik shaxsga sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv taomilini qo‘llanishiga erishgan sud boshqaruvchisini qo‘shimcha rag‘batlantirish, qo‘shimcha huquq va vakolatlar berish.
Top