10:56 / 11.12.2020
16412

Samarqandda «Milliy bank» xodimi 7,7 mlrd so‘m va 607 ming dollarni talon-toroj qilgan

Samarqand viloyat prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, ikki yilda 33 nafar bank mansabdor shaxslari korrupsiya va mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Misol uchun, viloyat «Milliy bank» xodimi bank omonatchilarining hisob raqamidan jami 90ta holatda 7,7 mlrd so‘m, 607 ming AQSh dollari va 1 461 yevro miqdordagi omonat pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Shuningdek, «Agrobank» Chelak filiali xodimi kredit ajratishni so‘rab bankka murojaat qilmagan fuqarolar nomiga 30 mln so‘m miqdorda mikroqarz krediti ajratib, plastik kartochkasiga tushirib, o‘zlashtirib yuborgan.

Bundan tashqari, prokuratura ijtimoiy loyihalarga ajratilgan budjet mablag‘lari ham o‘zlashtirib yuborilganini ma'lum qildi. 

Jumladan, «Ipoteka bank» Ko‘ksaroy filiali «Juma» mini-banki mudiri bankning boshqa mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib, davlat dasturi asosida baliqchilik va aholi tadbirkorligi uchun ajratilgan 6 mlrd  995 mln so‘mlik kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar nazoratiga mas'ul bo‘lgan tizimining o‘zida ham budjet mablag‘larini tap tortmasdan talon-toroj qilish holatlari hamon uchramoqda.

Masalan, budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Tayloq tuman bo‘limi mansabdor shaxslari noqonuniy ravishda 10ta holatda 111 mln so‘mlik pensiya mablag‘larni o‘zida bo‘lgan plastik kartasiga o‘tkazib, o‘zlashtirib yuborgan.

Top