15:02 / 11.12.2020
23505

Yoshlar ittifoqidan 9 mlrd so‘m haqini ololmayotgan quruvchi Markaziy kengash binosi oldida ochlik e'lon qilmoqchi

«Ittifoq pulimni so‘nggi tiyinigacha bermagunicha ovqat ham yemayman, suv ham ichmayman. Ortimda turgan 300dan oshiq oilalar haqi-hurmati bu nohaqliklardan o‘limga ham tayyorman», – deb yozdi tadbirkor Shuhrat Sotvoldiyev ochiq xatida.

«Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ rahbari Shuhrat Sotvoldiyev

Jizzax shahridagi Yoshlar innovatsion markazini qurish va rekonstruksiya qilish bilan shug‘ullangan «Jizzax Real qurilish ta'mir» korxonasining 9 milliard so‘mga yaqin haqi Yoshlar ittifoqi tomonidan 1,5 yildan beri to‘lab berilmayapti.

Kun.uz bu haqda may va noyabr oylarida tanqidiy maqolalar e'lon qilgan edi. Yoshlar ittifoqi masala hal etilishini ta'kidlab bayonot bergan.

Ayni paytda, undiruvdan umidi so‘nayotgan tadbirkor Shuhrat Sotvoldiyev tahririyatga yo‘llagan xatida joriy yil 15 dekabr kuni Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosi oldida ochlik e'lon qilmoqchi ekanini ma'lum qildi.

Maktub Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Akmal Jumaboyevga, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga, Milliy teleradiokompaniyaga hamda O‘zbekistondagi yirik internet nashrlari va blogerlarga ham yuborilgan.

«Men muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i va Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tasdiqlagan hujjatga ishonib, Yoshlar ittifoqi uchun Jizzax viloyatida 14 mlrd 343 mln so‘mlik binoni deyarli yonimdan qurdim. Shundan salkam 9 mlrd so‘mini hali olganim yo‘q. Yoshlar ittifoqining rahbarlari meni bir yarim yildan beri sarson qilib, adoyi tamom qildi. Bor-budimdan ayrilish arafasida turibman. O‘zimni o‘zim o‘ldirish darajasiga yetib keldim.

Shu yil 15 dekabr kuni tongda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosi oldida ochlik e'lon qilaman. Ittifoq pulimni so‘nggi tiyinigacha bermagunicha ovqat ham yemayman, suv ham ichmayman. Mening ortimda turgan 300dan oshiq oilalar haqi-hurmati bu nohaqliklardan o‘limga ham tayyorman.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari, blogerlar, Sizlardan iltimos!

Meni aldab har kuyga solib kelayotgan Yoshlar ittifoqi rahbarlarining qilmishlarini hamma ko‘rib qo‘yishi uchun ushbu jarayonni yoritsangizlar, toki aholining 60 foizini tashkil etuvchi yoshlar firibgarlar va birovning haqidan qo‘rqmaydigan shaxslar ortidan ergashayotganini bilib qo‘yishsin!

Hurmatli Bosh prokuror Nig‘matilla To‘lqinovich!

Sizdan iltimos, mabodo ochlikdan ittifoqni ostonasida vafot etgudek bo‘lsam, meni o‘zimni o‘zim o‘ldirish darajasiga yetkazgan Yoshlar ittifoqi mas'ullariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishingizni so‘rayman», – degan tadbirkor o‘z murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, Jizzax shahrida viloyat Yoshlar markazini qurish va rekonstruksiya qilish bilan «Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ shug‘ullangan. Obektning jami qiymati 14 mlrd 343 mln so‘mni tashkil etadi.

2019 yil 19 aprel kuni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov imzolagan chora-tadbirlarning 35-bandida, Jizzax shahrida Yoshlar innovatsion markazini tashkil etishning moliyalashtirish manbasi sifatida Yoshlar ittifoqi belgilangan. Ushbu summaning 5 mlrd 446 mln so‘mi quruvchi tadbirkorga to‘lab berilgan xolos.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi shu yilning 19 oktyabrida tadbirkorga «Yoshlar qurilish invest» MChJ hisobidan da'vogar foydasiga to‘lanmay qolgan 8 mlrd 897 mln so‘mni to‘lab berish majburiyatini nazarda tutuvchi hal qiluv qarori chiqargan.

Binoning qurib-bitkazilib, foydalanishga topshirilganiga ham qariyb bir yil bo‘lgan. Ammo mablag‘ ajratish uchun mas'ul bo‘lgan Markaziy kengash turli bahonalar bilan javobgarlikni o‘zidan soqit qilishga urinib keldi.

11 dekabr kuni tadbirkorning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Ittifoq yana bir bor quruvchining haqi «o‘zi so‘ragan muddat ichida» berilishini bildirdi.

«Avval ta'kidlaganimizdek, biz quruvchining ish haqini olishi tarafdorimiz. Quruvchi ish haqini, o‘zi so‘ragan muddat ichida to‘liq oladi. Shu bilan bir qatorda budjet mablag‘ini ham maqsadli ajratilishiga birinchidan qonun oldida, ikkinchidan vijdon oldida javob berish mas'uliyatini his qilgan holda, yuqoridagi masalani oxiriga yetkazamiz», – deyiladi bayonotda.

Ta'kidlash joizki, fuqarolarning biror bir muammoni hal qilishni so‘rab ochlik e'lon qilishi amaliyoti xorijiy davlatlarda odat tusiga aylangan. O‘zbekistonda esa bu kabi hodisalar kam kuzatiladi.

Mavzuga oid
Top