15:42 / 14.12.2020
4268

«Lokdaun qachon tugaydi» – Google britaniyaliklar 2020 yilda eng ko‘p qidirgan so‘rovlarni e'lon qildi

Google 2020 yil Britaniyada eng ko‘p qidirilgan so‘rovlar ro‘yxatini e'lon qildi.

«Yuz niqobini qanday tayyorlash mumkin?», «Qo‘l qanday dezinfeksiya qilinadi?», «Koronavirus qanday test qilinadi?» kabi so‘rovlar britaniyaliklar orasida eng ko‘p qidirilgan. Shuningdek, karantin sharoitida ko‘plab maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari ishlamagani sabab «Sochni qanday qilib mustaqil kesish mumkin?», «Erkaklarning sochi qanday kaltalanadi?» kabi so‘rovlar ham favqulodda ko‘paygan.

Karantin davomida oshxonalar yopilgani sabab ko‘pchilik uyda ovqat tayyorlashga majbur bo‘ldi. Natijada Google'ga turli retseptlar so‘rab qilingan so‘rovlar soni ham ortdi. Ular orasida eng ko‘p qidirilgani non tayyorlash retsepti bo‘lgan. «Nonni qanday tayyorlash mumkin?» so‘rovi britaniyaliklar uchun Google'ning ovqatlarga oid savollari orasida birinchi o‘rinda turibdi.

Google'ning «Qachon» so‘zi bilan boshlanuvchi so‘rovlariga ham karantin ta'siri sezilib turibdi: «Qachon lokdaun tugaydi?», «Sport zallari qachon qayta ochiladi?», «Qachon lokdaun boshlanadi?» kabi savollar britaniyaliklar tomonidan eng ko‘p qidirilgan. Shu bilan birga, «Maktablar qachon qayta ochiladi?», «Qachon ta'til tugaydi?», «Sartaroshxonalar qachon qayta ochiladi?» savollari ham eng ko‘p qidirilgan savollar o‘nligidan o‘rin olgan.

Top