23:01 / 15.12.2020
7764

Tosh hovli saroyining restavratsiya loyihasi vazirlikka taqdim etilmagan - vazir o‘rinbosari

«Ichan-qal'a» muzey-qo‘riqxonasi rasmiysi Tosh hovli saroyining devori ta'miri yuzasidan 4 oy o‘tsa-da Madaniyat vazirligidan javob kelmaganini aytgandi. Vazir o‘rinbosari bu ma'lumotni rad etdi.

Tarixiy saroy devorining bir qismi buzilishi jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay Madaniyat vazirligi va «Ichan-qal'a» davlat muzey qo‘riqxonasi rasmiylari bir-biriga zid bayonotlar bilan chiqish qildi.

Madaniyat vazirligi rekonstruksiya uchun ilmiy-ekspert kengashidan xulosa olinmaganini aytgan bo‘lsa, «Ichan-Qal'a» muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kotibi Komiljon Xudoyberganov loyiha va smeta avgust oyida vazirlikka topshirilganini ma'lum qildi.

Xudoyberganov Kun.uz muxbiriga bergan izohida 4 oy o‘tgan bo‘lsa-da vazirlikdan javob kelmagani, devordagi og‘ish tezlashgani bois rekonstruksiyani boshlashga majbur bo‘lishganini ta'kidladi.

Madaniyat vaziri o‘rinbosari – Madaniy meros departamenti boshlig‘i Kamola Akilova ilmiy kotibning bu so‘zlarini inkor qildi.

«Komiljon Xudoyberganovning so‘zlari to‘g‘ri emas. Madaniyat vazirligiga loyiha emas, balki xarajatlar smetasi taqdim qilindi. Aslida oldin loyiha qilinishi, u ma'qullanganidan keyin xarajatlar smetasi tayyorlanishi lozim. Biz ularga loyiha taklifi kengashga taqdim etilsin, deb javob berganmiz. Ammo loyiha taqdim qilinmadi», – dedi Akilova 15 dekabr kuni Zoom orqali bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining savoliga javoban.

Kamola Akilova  / 15 dekabr kungi matbuot anjumani / Foto: Madaniyat vazirligi

Ma'lumot uchun, «Ichan-Qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasidagi har qanday ta'mirlash-tiklash ishlari Madaniy meros departamenti qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi asosida bajarilishi va YuNESKO bilan kelishilishi zarur.

Bosh vazir o‘rinbosari, YuNeSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya raisi Aziz Abduhakimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda voqeaga munosabat bildirib, madaniy meros obektlari muhofazasi tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytdi.

Mavzuga oid
Top