14:49 / 16.12.2020
5012

Amaldagi 13ta qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritilmoqda

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan amaldagi 13ta qonun hujjatlari, shu jumladan, 10ta qonun va 3ta kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

2020 yil 16 dekabr  kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri. 

Tadbirda Senatning o‘ninchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati faoliyatiga oid qonunlarga kiritilayotgan me'yorlarga asosan mahalliy kengashlar tomonidan qabul qilingan qonunga zid qarorlarni bekor qilish vakolati Senatga berilmoqda. 

Shu bilan birga, deputatni javobgarlikka tortishga rozilik berishni xalq deputatlari kengashlari sessiyalari oralig‘ida hal etish amaliyotidan voz kechilmoqda. 

Senat tomonidan O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari faoliyatiga doir hisobotlarini eshitish amaliyotini joriy etish, shuningdek, hududiy manfaatlardan kelib chiqib, Senat tomonidan davlat budjeti ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish tartibi o‘rnatilmoqda.

Mazkur o‘zgarish va qo‘shimchalarning hayotga tatbiq etilishi ijobiy natijalarni berishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top