09:22 / 17.12.2020
4395

Milliarderlarning boyligi bir yil ichida deyarli 2 trillion dollarga ko‘paydi

Pandemiya, lokdaunlar va karantin yili bo‘lgan 2020 yil dunyoning eng boy odamlari umumiy boyligiga nafaqat salbiy ta'sir ko‘rsatmadi, balki uning 20 foizga oshishiga imkon berdi. 

Foto: AP

Koronavirus pandemiyasi bilan kechgan 2020 yil natijalariga ko‘ra, dunyoning 2200 milliarderidan ko‘prog‘i umumiy hisobda yana 1,9 trln dollarga boyidi, deb xabar berdi Forbes nashri.

“Bu yil pandemiya sababli o‘zini yakkalash, siyosiy silsilalar va ayniqsa, sayyoraning eng boy odamlari uchun aql bovar qilmas boyish yili bo‘ldi”, deyilgan xabarda.

Ayni vaqtda barcha milliarderlarning umumiy boyligi 11,4 trln dollarni tashkil qilmoqda. Forbes hisob-kitobiga ko‘ra, bu qiymat ularning 2019 yil 31 dekabrdagi umumiy boyligiga nisbatan 20 foizga ko‘proqni tashkil qiladi.

Milliarderlar boyligining ko‘payishiga fond birjasida narxlar o‘sishi asosiy sabab bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, xitoylik 400 milliarderning umumiy boyligi eng ko‘p miqdorga o‘sgan. Yil davomida ularning boyligi 750 mlrd dollarga ko‘payib, 2 trln dollarga yetgan. 

600dan ko‘proq amerikalik milliarderning boyligi esa 4 trln dollarni tashkil qilmoqda. Ular boyligi 2020 yil boshiga nisbatan 560 mlrd dollarga ko‘paygan. Bunga fond bozorlaridagi o‘sish sabab bo‘lgan. Mart oyida koronavirus sababli tushib ketgan S&P 500 indeksi yil bo‘yicha 13 foizga, NASDAQ esa 38 foizga o‘sgan. 

Bu borada 3-o‘rinni fransuz milliarderlari egallamoqda: ular yil davomida 95 mlrd dollarga boyishgan. Hozirda ularning umumiy kapitali 500 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.   

Milliarderlar orasida Ilon Mask eng ko‘p darajada boyigan. Uning boyligi bir yil ichida 110 mlrd dollarga ko‘payib, 137 mlrd dollarga yetgan. Amerikalik tadbirkor hozirda milliarderlar ro‘yxatida 3-o‘rinni egallamoqda. Maskning bunday boyishiga Tesla kompaniyasi aksiyalarining 630 foizga qimmatlashishi sabab bo‘lgan.  

Dunyoning eng boy odami Jyeff Bezos esa 2020 yilda o‘z kapitalini 67,5 mlrd dollarga ko‘paytira olgan. Amazon asoschisining boyligi hozirda 182 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.   

Top