23:48 / 17.12.2020
15377

Xitoy Oydan olib kelingan tuproq namunalarini NASAga berish uchun shartini aytdi

NASA 2011 yilda Xitoy hukumati va Xitoy bilan aloqador tashkilotlarni o‘z loyihalaridan chiqarib tashlagandi.

Foto: China Daily via REUTERS

Xitoy "Chan'e-5" zondi Oydan olib kelgan tuproq namunalarini NASA bilan bo‘lishishi mumkin, ammo buning uchun AQSh hukumati o‘z siyosatini o‘zgartirishi talab qilinadi, dedi Xitoyning Oy dasturi bo‘yicha o‘rinbosari U Yanxua.

"Afsuski, AQSh kongressi 2011 yilda NASAning Xitoy aerokosmik sohasi bilan hamkorlik qilishini cheklovchi qonunni qabul qilgani sababli bu asosan Amerika hukumatiga bog‘liq", - dedi U Yanxua.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy Marsga birinchi missiyasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda. Missiya doirasida Mars tuprog‘idan namuna olib kelish rejalashtirilgan.

NASA 2011 yilda Xitoy hukumati va Xitoy bilan aloqador tashkilotlarni o‘z loyihalaridan chiqarib tashlagandi. Ammo "Chan'e-4" missiyasi vaqtida NASA kongressdan ruxsat oldi va Pekin bilan ishlashga muvaffaq bo‘ldi.

17 dekabr kuni “Chan'e-5” zondining qaytariluvchi qurilmasidan tashlangan, ichida Oy sirtidan olingan tuproq namunalari bo‘lgan kapsula Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston tumaniga qo‘ndi.

Oy sirtidan Yerga geologik namunalarni yetkazishga mo‘ljallangan “Chan'e-5” zondi 23 noyabrda “Chanchjen-5” raketasi yordamida fazoga chiqarilgandi.

Top