18:02 / 18.12.2020
20356

«Hozircha bir oy, keyin ko‘ramiz». Tashkent city direksiyasi rahbari bog‘ga kirish pulli bo‘lganiga izoh berdi

Xabaringiz bor 2020 yil 17 dekabrdan 2021 yil 10 yanvarga qadar Tashkent city bog‘iga kirish pulli qilib belgilandi. Ushbu qaror ortidan ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar va blogerlar turli xil fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Kun.uz muxbiri Tashkent city direksiyasi rahbaridan ushbu holat bo‘yicha izoh oldi.

2019 yil sentyabrda Toshkent shahar hokimi Tashkent city qurilishini xalqimizning katta yutug‘i sifatida baholagan edi. Minbarda shahar hokimi bog‘ni tomosha qilish tekin ekanligini ham aytib o‘tgan edi.

Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasi rahbari Bahrom Rizayevning aytishicha, bog‘dagi xarajatlarni qoplashga katta mablag‘ ketadi. Shuningdek, bog‘ga kirishdan tushgan pulga kelgan mehmonlar uchun turli bayram arafasida turli ko‘ngilochar tomoshalar tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

— Tashkent city bog‘iga kirish nega pulli bo‘ldi?

— Bog‘imiz ishga tushganiga bir yil bo‘ldi. Bir yil davomida kiruvchilardan hech qanday to‘lov olinmagan. Lekin biz ham bir tashkilotmiz. Biz budjetdan pul olmaymiz. O‘zimizning xarajatlarimizni o‘zimiz qoplashimiz kerak. Bugungi kunda oyiga o‘rtacha 900 mln so‘mlik xarajatlarimiz bor. Bog‘ hududidagi tadbirkorlar bizga ijara puli to‘lashadi. Lekin bu xarajatlarimizning 30 foizini qoplaydi. Qolgan 70 foizi hozirchaga qoplanmay qolgan.

Xarajatlarimizni qoplash, bog‘imizni rivojlantirish uchun bizga mablag‘ kerak. Bayram arafasida xalqimizga chiroyli tomoshalar o‘tkazishimiz kerak. Bunga esa katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Shu sababli bayram kunlarida bog‘ga kirishni pulli qildik.

Bahrom Rizayev

— Direksiya shu vaqtgacha qaysi mablag‘ hisobiga ta'minlab kelingan?

— Investorlar to‘lagan mablag‘lar evaziga park tashkil etilgan. Shu pullar hisobidan direksiya o‘z xarajatlarini qoplab kelgan.

— Ushbu qaror Toshkent shahar hokimligi bilan kelishilganmi?

— Bu bizning ichki masalamiz. Budjetdan pul olsak, xalqimizga og‘irligimiz tushadi. Shuning uchun kim kelib dam oladigan bo‘lsa pul to‘lashadi. Boshqa fuqarolarimiz bizning harakatlarimizdan salbiy ta'sir olmaydi.

— Bu qaror diskriminatsiya bo‘lib qolmaydimi?

— Bu yerda hech qanday diskriminatsiya yo‘q. Toshkentda mavjud ko‘plab bog‘lar ham pulli qilingan. Pulli bo‘lmagani ham bayram arafasi pulli bo‘lgan. Biz o‘zimizning faoliyatimizdan kelib chiqqan holda parkni ushlab turish, uni rivojlantirish uchun bog‘ni pulli qildik.

— Tashkent city ochiq hudud hisoblanadimi yoki muayyan tashkilotga tegishli, chegara va to‘siqlariga ega yopiq hudud hisoblanadimi?

— Bu bog‘ Tashkent city hududida joylashgan. Nafaqat shu yerdagi binoning egalariga, ishchilariga, balki hamshaharlarimizga ham mo‘ljallangan. Lekin biz tashkiliy masalalarimizni hisobga olib vaqtinchalik pulli qilishga majburmiz.

— Faqat bayram arafasi bo‘lgani uchun pullimi yoki keyinchalik yana bepul bo‘ladimi?

— Hozircha bir oy uchun mo‘ljallaganmiz. Keyinchalik natijasiga qarab yana ko‘ramiz.

— Agar bu qaror jamoatchilikning keskin e'tiroziga sabab bo‘lsa qaror bekor qilinishi mumkinmi?

— Hozirda ushbu qarorning natijalarini ko‘rib chiqamiz. Shunga qarab ish tutamiz.

— Bog‘ ochilayotgan vaqtda keyinchalik pulli bo‘lishi maqsad qilinganmidi?

— Hozir bir nima deyishim qiyin. Hamma harakat va xarajatlar ekonimikaga bog‘langan. Vaziyat shunga taqozo qilgani uchun shunday ish yurityapmiz. Bu xarajatlar nimalardan iborat desak, bu bog‘ hududida mehnat qilayotgan hodimlar ish haqi, musiqali favvorani doimiy soz holatda saqlash, joriy ta'mir xarajatlari, elektr energiyasi, suv va tabiiy gaz uchun to‘lovlar, mavjud daraxt va butalarni zararkurandalardan saqlash uchun kimyoviy ishlov berish va boshqa xarajatlar hisoblanadi.

Shuningdek, Bahrom Rizayevning qo‘shimcha qilishicha, hozircha ish kunlari bog‘ hududiga 5 mingtacha odamlar kelyapti. Bayram arafasi bu sonlar oshishi mumkin.

Mavzuga oid
Top