00:30 / 19.12.2020
10142

Aviakompaniyalarning O‘zbekistonga qiziqishini oshirish bo‘yicha ayrim rejalar ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonga turistik oqimni oshirish maqsadida aeroportlarda raqobatbardosh muhit yaratish choralari ko‘rilmoqda, deb ma'lum qildi bosh vazir o‘rinbosari, Turizm qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov.

«Keyingi yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga parvozni amalga oshiradigan aviakompaniyalarning ham, reyslarning ham sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Buning uchun yangi tizim ishlab chiqilyapti. Mamlakat tranzit maydon bo‘lishi uchun aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 3300 dollar, aviakerosin narxi 500-550 dollar narxda bo‘lishi belgilangan. Bu – aviakompaniyalar qiziqishini oshiradi.

Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Arab ko‘rfazi davlatlari bilan O‘zbekistondan tranzit parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha intensiv muzokaralar olib borilyapti.

Shuningdek, mamlakatlar aviareyslarni tiklashga qaror qilishi O‘zbekistondagi epidemiologik holatga ham bog‘liq. Bu borada mamlakatda hozir vaziyat stabil. Mamlakatga kirayotganlarning koronavirus bilan og‘rigan-og‘rimagani qat'iy nazorat qilinyapti. O‘zbekistonga koronavirus import bo‘lmayapti, deb ayta olamiz. Kelayotganlar orasida kasallik qayd etilganlar ko‘rsatkichi 0,2–0,3 foizni tashkil qiladi», – deya Abduhakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonga yosh sayyohlar oqimini jalb qilish uchun ham harakatlar olib borilmoqda. Yosh sayyohlar kategoriyasiga mos yangi mahsulot yaratish uchun turistik firmalarga 100 mln so‘mgacha grant berilishi belgilangan.

Tahlillar O‘zbekiston uchun turizm bozorida eng yaxshi yo‘nalish ziyorat turizmi ekanini ko‘rsatmoqda.

«Indoneziya, Bangladesh, Malayziya, Pokiston, Turkiya, arab davlatlaridan islom madaniyatini ko‘rish uchun keladigan sayyohlarni jalb qilish mumkin. Rossiyadan ham islom, ham nasroniy madaniyatlari, Isroil va Yevropa davlatlaridan yahudiylikka oid yodgorliklar, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Hindistondan Surxondaryoda ko‘plab uchratish mumkin bo‘lgan buddizm madaniyatiga oid obidalarni ko‘rish uchun ziyoratchilar keladi.

Yil yakunigacha Indoneziyadan ilk reys amalga oshirilishi kutilmoqda», dedi Aziz Abduhakimov Toshkent yoshlar forumi doirasida jurnalistlarga bergan intervyusida.

Top