13:15 / 19.12.2020
5340

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi Buxoroda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirishga oid ishlar holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va ishchi guruh a’zolari “Doyaxotin”, “Hojiqazg‘on”, “Kulbeshkak” va “Savatli” konlarida gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

“Doyaxotin”, “Hojiqazg‘on”, “Kulbeshkak” va “Savatli” konlarida 2020 yilda amalga oshirilgan geologik-texnik tadbirlar va kelgusi yilda rejalashtirilgan chora-tadbirlar, shuningdek, tabiiy gaz qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi yuzasidan joyida yaqindan o‘rganish ishlari olib borildi.

“Doyaxotin” konida tabiiy gaz qazib olish uchun quduqlar fondi 53 tani tashkil etib, bugungi kunda kondan bir kunda 5,6 mln kub metr tabiiy gaz qazib olinmoqda. Boshqaruv raisi ushbu konning samaradorligi yaxshi ekanligini ta’kidlab, qazib chiqarish hajmini oshirish borasida topshiriqlar berdi.

Shuningdek, ushbu konda tabiiy gaz qazib olishni avtomatik ravishda boshqarish, tezkorlikni oshirish hamda hisob tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, konda o‘rnatilgan zamonaviy hisoblagichlar va ularning hisob tizimi ishchi guruh tomonidan o‘rganildi.

Ishchi xodimlarga qazib chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan yangi takliflarni ishlab chiqish va reja ko‘rsatkichlarini bajarishda faol xizmat ko‘rsatgan ishchi xodimlar yil yakunida Boshqaruv raisi tomonidan rag‘batlantirilishi aytib o‘tildi.

“Hojiqazg‘on” konida tabiiy gaz qazib olish uchun quduqlar fondi 23 tani tashkil etib, bugungi kunda kondan 1,1 mln kub metr tabiiy gaz qazib olinmoqda. “Ishchi guruh” a’zolari bu konda 15 qatlamdan kam oltingugurtli va 18 qatlamdan oltingugursiz, 2 ta qatlamdan alohida quvurlar orqali ishlatilib kelinayotgani holati va oltingugursiz qazib olinayotgan gazni quvurlar orqali magistral gaz quvurlariga yetkazib berilishi jarayonini nazorat qildi.

Shundan so‘ng, “Kulbeshkak” konida ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoit va mavjud muammolar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi. Bu konda tabiiy gaz qazib olish uchun quduqlar fondi 25 tani tashkil etib, bugungi kunda kondan 1,1 mln kub metr tabiiy gaz qazib olinmoqda. Kondan qazib olingan miqdorlar – jami 21,5 km gaz quvurlari orqali “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga yetkazib berilmoqda.

Ushbu gaz qazib olish konlarida gaz yig‘ish tizimini optimallashtirish, zamonaviy hisoblagichlar, hamda muqobil elektr energiya bilan ta’minlash, raqamli kon dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish ishlarini qisqa muddatlarda tugatish yuzasidan tegishli rahbarlarga ko‘rsatmalar berildi.

“Savatli” konida ham tabiiy gaz qazib chiqarish holati o‘rganilishi barobarida, bu yerda ham ishchilarning ishlash hamda yashash sharoitlari joyida o‘rganildi.

Boshqaruv raisi ishchilar bilan suhbatda bo‘lib, mavjud kamchiliklar hamda muammolarni muhokama qildi.

Ushbu kon 2019 yilda ishlatishga topshirilgan bo‘lib, konda quduqlar fondi 6 tani tashkil etib, bugungi kunda bir kunda 402 ming kub metr tabiiy gaz va 5 tonna gaz kondensati qazib olinmoqda.

Bugungi kunda ushbu konlar sanoat miqyosida ishlatilayotgan bo‘lib, kunlik 8,2 mln kub metr tabiiy gaz va 63 tonna gaz kondensati qazib olinmoqda. Ushbu konlarda tabiiy gaz qazib chiqarish quduqlar soni – jami 107 ga yaqin bo‘lib, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi umumiy quduqlarning qariyb 52 foizni tashkil etadi.

Ushbu konlarda 2021 yilda 34 ta yangi quduqlar burg‘ilab ishlatishga tushirilishi, 50 ta quduqlarda kapital ta’mirlash ishlarini olib borilishi hisobiga 430,0 mln.kub.m tabiiy gaz va 4,5 ming tonna gaz kondensati qazib olinishi rejalashtirilgan.

2021 yilda jami ushbu konlardan 2,6 mlrd.kub.m tabiiy gaz qazib olish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu konlar Gazli gazni qayta ishlash zavodida ishga tushirilishi kutilayotgan Propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmasining xomashyo bazasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, “Ishchi guruh” “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z mablag‘lari hisobidan burg‘ilashdan tugatilgan 84-sonli quduqqa tashrif buyurib, quduq ishchi ko‘rsatkichlari va burg‘ilash tezligi, muammoli masalalari yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Burg‘ilash ishlari olib borilayotgan brigada va konda xizmat ko‘rsatayotgan ishchi xodimlar bilan yaqindan suhbatlashib, ishlash uchun sharoit, ishlab chiqarishdagi muammoli masalalari va ularning yechimi, yangi takliflar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bugungi kunda qazib chiqarish xomashyo bazasini oshirish yo‘nalishida ham bir qator tadbirlar amalga oshirayotgan bo‘lib, 2020 yilga mo‘ljallangan uglevodorod xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash Dasturi doirasida geologik-qidiruv ishlaridan yangi “O‘rtaqum” konida olib borilgan burg‘ilash ishlari natijasida 1-sonli quduqdan sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi olingan edi, ushbu yangi kon Boshqaruv raisi tomonidan tantanali ishlatishga topshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top