12:05 / 20.12.2020
15380

«2021 yilda Toshkent hududidan birorta yer viloyatga chiqib ketmaydi» – Jahongir Ortiqxo‘jayev

19 dekabr kuni Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda o‘rinbosarlari ishtirokida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanda shahar hokimi 2021 yilda Toshkent shahri chegaralarining o‘zgarishi va tashkil etiladigan yo‘ldosh shaharcha haqidagi savolga javob berdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilda poytaxtda 12-tuman, ya'ni Yangihayot tumani tashkil etilib, hududlari belgilab berildi va bundan keyin bu yerda qurilish ishlari ham bo‘ladi, Yevropa mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda tumanga ajratilgan yerdan unumli foydalanish choralari ko‘riladi.

“Aytishim mumkinki, 2021 yilda Toshkentga boshqa yer qo‘shilmaydi va Toshkent hududidan birorta yer viloyatga chiqib ketmaydi”, — dedi Ortiqxo‘jayev.

Ma'lumot berilishicha, Toshkent viloyatining Toshkent tumani hududidan 266 gektar yer davlat rahbariga ko‘rsatilgan. Hozirda bu yerda uzumchilik bilan shug‘ullaniladi. Lekin Olmazor va Shayxontohur, Uchtepa tumanlari aholisi zich hududlar hisoblanadi. Aholi soni keskin ko‘payishi sabab turar joy muammosi yuzaga kelmoqda.

“Bizning oldimizda bu muammoni yechishning ikkita yo‘li bor. Yoki ular uchun o‘sha tumanlardagi bo‘sh joylarga kichik-kichik turar joylar qurish yoki shahar hududidan sal chetga chiqib, ularga yaqin bo‘lgan hududda barcha infrastrukturaga ega bo‘lgan, hech kimga xalaqit qilmaydigan shaharcha qurib berish orqali uy-joy bilan ta'minlash. O‘ylaymanki, ushbu tumanlarda yashovchi odamlarning tinchini buzmaslik uchun ham o‘sha viloyatdan qilganimiz ma'qul bo‘ladi. Chunki hech kim shaharning u burchagidan bu burchagiga borib yashashni xohlamaydi. Shuning uchun shu tumanlarga yaqinroq hududdan yo‘ldosh shaharcha qurishni rejalashtirganmiz”, — dedi shahar hokimi.

“Ham oziq-ovqat, ham odamlarning yashashi, bilasizmi, bu dunyoda hamma narsaga erishish qiyin. Nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Mavzuga oid
Top