09:34 / 20.12.2020
45486

Akmal Saidov qanday qilib ikki prezident davrida ham hokimiyatda qolmoqda?

19 dekabr kuni Tashkent City anjumanlar zalida «Toshkent yoshlar forumi – 2020» doirasida yoshlar migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida konferensiya spikeri, Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov bilan qisqa intervyu uyushtirdi.

– Aytingchi, qanday qilib ikki prezident davrida ham hokimiyatda qolmoqdasiz? Sadoqat, tajriba yoki moslashuvchanlik sababmi?

– Men hech qachon moslashmaganman. Birinchi rahbar davrida ham, ikkinchi rahbar davrida ham. Shuningdek, hech qachon kommunistik partiya a'zosi ham bo‘lmaganman. To‘g‘risi, kommunistik partiyaga kirmoqchi bo‘lganman, lekin o‘shanda «Navbatingiz keldimi?» deb so‘rashgan. Shunda men «E'tiqod uchun navbatda turmayman, bozordagi go‘sht uchun navbatga turiladi», deganman. Xullas, shu bitta xodimning savoli uchun partiyaga o‘tish fikridan qaytganman. Kommunist bo‘lmaganimning sababi shu.

Ikkinchidan, qayta qurish davrida faqat partiya a'zolari emas, partiyasizlar ham oldinga chiqarilsin, deyildi. Men ana o‘sha vaqtda O‘zbekiston yoshlar tashkilotining rahbari bo‘lganman. Bu SSSR tarixidagi yagona O‘zbekiston yoshlar tashkiloti edi. Balki tasodifdir, kommunist bo‘lmaganim uchun meni bayroq qilib ko‘tarishgan.

Uchinchidan, konstitutsiya va davlat tili to‘g‘risidagi qonun yozilishida menga bo‘lgan ehtiyoj paydo bo‘ldi. Chunki men o‘sha paytda xorijiy til va tajribani biladigan yagona yurist edim. Biz avvallari faqat Moskvada tayyorlangan qonunlarni ko‘chirardik.

Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning birinchi nusxasini men yozganman. Hech kimdan ko‘chirmaganman. O‘sha paytda o‘ndan ortiq davlatlarning til to‘g‘risidagi qonunini o‘rganib chiqib, o‘zimizning qonunimizni tayyorlaganmiz. Biz ittifoq tarkibidagi davlatlar ichida birinchilardan bo‘lib, 1989 yil 21 oktyabrda «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni tayyorlaganmiz.

Bu juda katta ehtiroslar, ko‘chaga chiqishlar va muhokamalar bilan bo‘lgan. Qonunning birinchi loyihasini o‘zim tayyorlaganimdan g‘ururlanaman. Keyingi qadam konstitutsiya loyihasini tayyorlashda bo‘ldi. O‘zbekiston konstitutsiyasini tayyorlash, muhokama va qabul qilish tajribasi. Bu hozirgi vaqtdagi bizning har qanday qonunni qabul qilishda o‘rnak bo‘ladigan tajriba edi. Biz o‘sha paytda konstitutsiyani hatto til komissiyasidan o‘tkazganmiz. Uni Fanlar akademiyasining til adabiyoti institutiga jo‘natganmiz.

To‘g‘risini aytaman, birinchi prezident meni komsomolning birinchi sekretari qilmoqchi bo‘lgan. Men rozi bo‘lmaganman, partiyaning ikkinchi kotibi meni ko‘ndirolmagan. Birinchi prezidentimizga mendan yurist sifatida foydalaning, komsomolga rahbar bo‘laman degan ko‘p, degandim. Shundan keyin men to‘liq yuridik sohada ishladim.

Savolingizga javobga kelsak, birinchi navbatda mening bilimim bo‘lsa kerak. Yuqorida aytganimdek, 1990 yillarda xorijiy tilda ishlaydigan yagona yurist bo‘lganman. Yoshlar tashkilotidagi faoliyatim keyinchalik elchilik faoliyatimda ham yordam berdi.

Inson huquqlari milliy markaziga kelishim haqida gapirsam, o‘sha paytlarda birinchi prezident meni demokrat derdi. Shuning uchun ham bu markazga qo‘ygandir. Yaxshi eslayman, O‘zbekiston o‘sha paytlarda inson huquqlari bo‘yicha eng ko‘p tanqid qilinadigan davlatlar qatorida edi. Bu ro‘yxatda salkam 20 yil turdik.

Savolingizga yana bir javob: men birinchi rahbar vaqtida yuridik fanlari doktori edim, hozir esa akademikman, dedi Akmal Saidov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Top