10:34 / 22.12.2020
11867

IIV Xorazmda xorijga chiqish pasportini olish uchun to‘plangan fuqarolar bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan bayonot berdi

2020 yilning 21 dekabr kuni Xorazm viloyati Hazorasp va Xiva tumanlarida istiqomat qiluvchi aholining ichki ishlar organlari Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo‘yicha navbatda turgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun murojaat qilayotgan aholining asosiy qismi Rossiya hududida mehnat qilayotgan fuqarolar ekanligi aniqlangan. 

Qayd etilishicha, mazkur fuqarolar 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari barcha MDHga a'zo davlatlarga, shu jumladan Rossiyaga faqat xorijga chiqish biometrik pasporti bilan chiqish tartibi kuchga kirishi tufayli ichki ishlar organlari Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilmoqda.

Ushbu hududlarda yashovchi aholi orasida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yilganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqalgan.

“Shuni ta'kidlash joizki, pandemiya munosabati bilan hozirgi kunda bir qator davlatlar, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan avia va temir yo‘l qatnovini qayta tiklashni rejalashtirayotgani bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ma'lumotlar kelib tushmagan.

Hozirgi vaqtda Hazorasp va Xiva tumanlari ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo‘yicha navbatda turgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilgan, ularga navbat talonlari tarqatilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda respublikamiz fuqarolariga har qanday tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ishonmaslikni, ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga tartib bilan murojaat qilishni so‘rab qolamiz”, - deyiladi xabarda.

Top