12:02 / 22.12.2020
8501

«Qarshi yog‘-ekstraksiya» AJ monopoliyaga qarshi kurashish qonunlariga zid ravishda birjaga kam mahsulot chiqargan

Foto: Getty Images

«Qarshi yog‘-ekstraksiya» AJ monopoliyaga qarshi kurashish qonunlariga zid ravishda birjaga kam mahsulot chiqargan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasining rasmiy kanalida xabar qilindi. Unda yozilishicha, o‘simlik yog‘i, paxta shroti va paxta sheluxasi ham ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilishi belgilab berilgan bo‘lsa-da Qarshidagi zavod ba'zi kunlarda bu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish jadvali (grafik)da belgilangan kunlik rejadan kam miqdorda qo‘ygan. Ayrim kunlarda esa savdoga umuman mahsulot qo‘ymagan.

Jumladan, joriy yil 1, 2, 3 va 9 dekabr kunlarida o‘simlik (paxta yog‘i) yog‘i mahsulotini birja savdolariga qo‘yish jadvali (grafik) kunlik 20 tonna etib belgilangan bo‘lsa-da, zavod shu kunlarda 10 tonnadan mahsulot qo‘ygan. Oqibatda kunlik 10 tonnadan paxta yog‘i birja savdolariga kam qo‘yilgan. 7 dekabr kuni esa rejada belgilangan 20 tonna yog‘ umuman birja savdolariga qo‘yilmagan.

Shuningdek, joriy yil 2, 3, 7 dekabr kunlari rejaga ko‘ra kuniga 25 tonnadan paxta sheluxasini birjaga qo‘yishi belgilangan bo‘lsa-da, zavod 20 tonnadan mahsulot qo‘ygan. Ya'ni birja savdolariga 3 kunda jami 15 tonna paxta sheluxasi kam qo‘yilgan.

Bundan tashqari, 2 va 3 dekabr kunlari birjaga 30 tonnadan paxta shroti qo‘yilishi belgilanganiga qaramasdan, zavod 20 tonnadan mahsulot qo‘ygan. 7 dekabr kuni esa kunlik rejadagi 30 tonna mahsulot birja savdolariga umuman qo‘yilmagan.

Qayd etilishicha, «Qarshi yog‘-ekstraksiya» AJ birja savdolariga kunlik rejadagidan kam mahsulot chiqarib, Prezidentning 2019 yil 8 oktyabrdagi «Tovar-xomashyo birjalari faoliyati samaradorligini oshirish va birja savdosi mexanizmlarini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida»gi PQ-4484-son qarori 3-bandida ko‘rsatilgan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-son qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan «Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 5-bandida ko‘rsatilgan shart va talablarni qo‘pol tarzda buzgan.

Bundan tashqari, nizomning 6-bandiga rioya qilinmagan va «Qarshi yog‘-ekstraksiya» AJ tomonidan obektiv va ularga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli jadvallarda nazarda tutilgan hajmlarni va mahsulotni birja savdolariga qo‘yish muddatlarini bajarishning imkoniyati bo‘lmagan holatlarda, mahsulotni birja savdolariga qo‘yish sanasidan bir kun avval, bu haqda monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlariga xabar berilmagan.

«Yuqoridagi qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hududiy boshqarma tomonidan «Qarshi yog‘-ekstraksiya» AJga bir necha marta tushuntirishlar va ogohlantirish xatlari (09.04.2020 yilda 02/02-631 sonli, 2020 yilda 01/05-1179-sonli, 10.08.2020 yilda №01/05-1426 sonli) berilgan.

Bu bilan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-son qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan «Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga rioya etilmagan. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunining 10-moddasi talablari buzilgani alomatlari ma'lum bo‘ldi.

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 36-bandi 8-xat boshisi tovarlarning qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadigan yuqori likvidli va monopol turlarini birja savdolariga tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda va hajmlarda qo‘ymaslik – bu birja narxlarining o‘sishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qonun buzilish holatlari ma'lum bo‘ldi.

Mazkur qonunbuzilish holatlari Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasining maxsus komissiyasining 2020 yil 14 dekabrdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, «Qarshi yog‘-ekstraksiya» AJga nisbatan yuqoridagi qonunbuzilishlarni to‘xtatish, oldini olish va kelgusida yul qo‘ymaslik haqida ko‘rsatma berildi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top