11:33 / 22.12.2020
2749

TIQXMMI: Isroil oliy ta'lim vakillari va olimlari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

20 dekabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida, mazkur oliy ta'lim muassasasining rektori professor O‘.Umurzakov boshchiligidagi rahbariyati hamda O‘zbekiston Respublikasining Isroil davlatidagi favqulodda va muxtor elchisi F.Yu.Maxmudova o‘rtasida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ijodiy ruhda o‘tgan uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston hamda Isroilning barqaror iqtisodiy ijtimoiy taraqqiyoti rejalariga mos keluvchi dolzarb masalalar bo‘yicha har ikki mamlakatdagi oliy ta'lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish sohalarida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar, olimlar hamda mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdilar.

Jumladan, mamlakatlarning tabiiy-xo‘jalik sharoitlari va iqtisodiy rivojlanish dasturlaridagi o‘ziga xos o‘xshashliklar va manfaatlardan kelib chiqqan holda oliy ta'lim va innovatsiyalar, suv xo‘jaligi hamda agrosanoat majmualarini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi muammolar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni rivojlantirish mexanizmlari atroflicha tahlil qilindi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga asos bo‘luvchi omillar va zaruriy sharoitlarni nazarda tutgan holda mazkur yo‘nalishdagi harakatlar barqarorligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar hamda tomonlarning vazifalari belgilab olindi.

Soha oliy ta'limi, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi integratsiyani ta'minlashni nazarda tutgan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikning boshlang‘ich yo‘nalishlari sifatida “Qishloq xo‘jaligida suv tejamkor va aqlli texnologiyalarni rivojlantirish”, “Tabiiy va oqava suvlari sifatini yaxshilash texnologiyalarini takomillashtirish” hamda “Qishloq va suv xo‘jaligida ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish” kabi yo‘nalishlar tanlandi.

Dastlabki bosqichda faoliyatlarni qo‘shma vebinarlar tashkil etish, hamkorlikdagi o‘quv va ilmiy dasturlarni hamda qo‘shma ilmiy loyiha-takliflarini ishlab chiqishdan boshlash bo‘yicha kelishib olindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Isroil vakillarining o‘zaro manfaatli hamkorligi barqaror bo‘lishiga ishonch bilan qaramoqdalar.

TIQXMM Instituti Matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top