18:09 / 23.12.2020
12696

Akmal Saidov Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish masalasidagi bahslarga munosabat bildirdi

Qonunchilik palatasi hammasini to‘g‘ri qilgan, deya bayonot berdi palata birinchi vitse-spikeri. Deputatlar qabul qilib, Senatda ko‘rilishi kutilayotgan qonun matni ayni paytgacha e'lon qilingani yo‘q.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun keng jamoatchilik fikrisiz qanday qilib palatadan o‘tib, Senat yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgani haqidagi savolga javob berdi.

Sud tizimidagi yangiliklardan kelib chiqib, Konstitutsiyaga 15-marta tuzatish kiritilishi qay yo‘sinda qilinayotgani tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.

Akmal Saidov bu masalada Qonunchilik palatasi hammasini to‘g‘ri bajargan, deb hisoblamoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

«Men Senat uchun emas, faqatgina Qonunchilik palatasi uchun javob beraman. «Qanday qilib Qonunchilik palatasidan o‘tib ketdi?» degan kesatig‘ingizga ham qo‘shilmayman. Biz Konstitutsiya bo‘yicha va kiritilgan qonunlar bo‘yicha ishlaganmiz hamda buni oxiriga yetkazdik.

Biz O‘zbekistonda yangi sud tizimi bo‘yicha barcha kerakli qonunlarni qabul qildik. To‘rt xil sudni bittaga birlashtirdik. Shu hammasi Konstitutsiyaning 117-moddasiga kiritilishi kerak. Bu 1 yanvardan ishlashi kerak. Lekin Senat...» – deya boshlagan gapini ochiq qoldirdi u.

Ma'lumot uchun, Senat bu qonunni 18 dekabrdagi yalpi majlisida ko‘rishni rejalashtirgan edi. Ammo bu qanday o‘zgarishlar ekani ochiqlanmagani, qonun matni e'lon qilinmagani jamoatchilikda e'tiroz uyg‘otgach, Senat yalpi majlisidan bir kun oldin masala kun tartibidan o‘chirildi.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylanmagan.

Quyi palata spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 23 dekabr kungi matbuot anjumanida so‘zida davom etar ekan, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibini belgilovchi 128-modda haqida to‘xtaldi.

«Konstitutsiyani yozganlardan bittasi menman. Konstitutsiyani nafaqat o‘qish kerak, uni uqish ham kerak. Keyin, Konstitutsiyani o‘qishni ham bilish kerak.

128-moddaga ko‘ra, Oliy Majlis tegishli taklif kiritilgandan keyin 6 oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin.

Ya'ni, 6 oy ichida qabul qilish kerak. Tegishli taklif kiritilganidan keyin eng kechi shuncha deyilgan-da. Ayrim odamlar buni taklif kiritilganidan keyin 6 oy muhokama qilish kerak, deb tushunmoqda.

Sud tizimiga o‘zgartirish kiritish masalasini deputatlar joyiga borib o‘rgandik. Taklif odamlardan chiqdi, ular biz to‘rtta sudga borib, sarson bo‘lyapmiz, bitta qilaylik, deyapti.

Qonunchilik palatasiga taklif kiritilganidan keyin 6 oy muhokama qilish? Yo‘q. 6 oy – bu eng kech muddat. Qonun taklif kiritilgach bir kun ichida ham qabul qilinishi mumkin. Mana shu takliflar – bir kun emas, bir necha yil davomida muhokama qilinib, yetilib kelayotgan, sud-huquq sohasidagi navbatdagi qadam edi. O‘zbekistonda yangi sudlar tizimi yaratilyapti.

Bu bo‘yicha biz beshta qonunni qabul qilganmiz. Ularni ma'qullash yo ma'qullashmaslik – Senatning vakolati. Qonunchilik palatasi hammasini to‘g‘ri qabul qilgan. Konstitutsiyasining 128-moddasini to‘liq bajargan. O‘ylaymanki, bu o‘zgarishlar kiritilishi kerak», – dedi Akmal Saidov.

«Biz har bitta qonunni muhokama qilayotganda bu haqda e'lon qilib borganmiz», – deya qayd etib o‘tdi deputat.

Ma'lumot o‘rnida, Konstitutsiya normalariga sharh berish Konstitutsiyaviy sud vakolatiga kiradi.

Top