20:12 / 23.12.2020
7596

Hali qonuni chiqmagan umumyurisdiksiya sudlariga sudyalar tayinlanayotganiga izoh berildi

«Tayinlov qarorlari 1 yanvardan kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan», deb ma'lum qildi Oliy sud sudyasi Ibrohim Tojiyev. Ammo tegishli qonunlarga hali prezident qo‘l qo‘ygani yo‘q.

O‘zbekistonda hali qonunda belgilanmagan umumyurisdiksiya sudlari uchun sudyalar tayinlanayotgani jamoatchilikda savollar uyg‘otmoqda.

Tegishli qonunlar hali imzolanmagan, Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish masalasi esa hali Senatda ham ko‘rilmagan.

Kun.uz muxbiri Oliy sud sudyasi Ibrohim Tojiyevdan ayni masalada izoh so‘radi.

«Haqiqatan ham, Oliy sud qonun tashabbuskorligi huquqidan foydalanib, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunni yangi tahrirda hamda Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi qonunni, shu jumladan tegishli beshta qonun loyihasini ishlab chiqib, Oliy Majlisga kiritdi. Bu masala ko‘rib chiqilyapti.

Shuningdek, Sudyalar Oliy kengashi tomonidan umumyurisdiksiya sudlariga sudyalar tayinlanib kelmoqda. Biroq ushbu tayinlov qarorlari 2021 yil 1 yanvardan kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan.

[...] Qonun Senatda ma'qullandi; qachon imzolanishi, imzolash yoki imzolamaslik buyog‘i davlat rahbarimizga bog‘liq. Prezident Administratsiyasida bu bo‘yicha ish olib borilyapti», – dedi sudya.

Ibrohim Tojiyev ishlarni kassatsiya tartibida ko‘rish ikki bosqichli bo‘layotgani munosabati bilan Oliy sud sudyalariga ish yuklamasi oshishi haqidagi savolga ham javob qaytardi.

Ibrohim Tojiyev

«Bugungi kunda ham ish nazorat instansiyasida ikki marta ko‘rilardi. Ya'ni sudlov hay'atida va undan keyin Oliy sud raisi yoki bosh prokuror protesti kiritilsa, Rayosatda ko‘riladi. Rayosatda ham ish ko‘rishda aynan shu sudyalar ma'ruzachi bo‘lib ishlarni ko‘rardi. Shuning uchun bunda sezilarli muammo bo‘lmaydi.

Yana bir narsani aytmoqchimanki, bugungi kunda sudyaning nazorat shikoyatini sudlov hay'atiga o‘tkazishni rad qilish huquqi bor edi. Endi yangi qonun bo‘yicha taraflarning huquq va manfaatlaridan kelib chiqib, ular bergan kassatsiya shikoyati bevosita sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Ayni mana shu jihatdan ish hajmi ko‘payadi. Prezidentimizning PF–6034-sonli farmoni bilan Oliy sud tuzilmasi qayta tasdiqlangan bo‘lib, har bir hay'atga qo‘shimcha shtatlar berilgan. Shu jumladan, men faoliyat yuritadigan Oliy sud iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atiga yana 2ta shtat qo‘shib berildi», – dedi Oliy sud sudyasi Ibrohim Tojiyev.

Ma'lumot uchun, viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat'iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay'atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilmoqda.

Top