18:05 / 24.12.2020
6175

IIV markaziy poliklinikasida 226 nafar ko‘ngilli Xitoy vaksinasi bilan emlandi

Toshkent shahridagi 3ta poliklinikada ko‘ngillilarni Covid-19’ga qarshi vaksina bilan emlash boshlandi. Bu 3-bosqich klinik sinovlar bo‘lib, Xitoyda ishlab chiqarilgan rekombinant vaksinani 18 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan ko‘ngillilar qabul qilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi markaziy poliklinikasi shifokori, infeksionist Sohiba Utigenovaning Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qilishicha, ayni paytgacha emlanganlar orasida nojo‘ya ta'sirlar aniqlanmagan.

«Bizning poliklinikada hozirgacha 226 nafar ko‘ngilli vaksinaning birinchi bosqichini qabul qildi. Ayni paytgacha nojo‘ya ta'sirlar ko‘rmadik. Vaksina bilan 5000 nafar ko‘ngilli emlanishi rejalashtirilgan. 2500 kishi haqiqiy vaksina, qolgan 2500 kishi esa platsebo qabul qiladi. Lekin farqini biz ham, biz bilan birga vaksinatsiya jarayonida ishtirok etayotgan xitoylik olimlar ham bilmaydi.

Ko‘ngilli uch marta emlanadi. Bu har oyda bir martadan amalga oshiriladi. Ularga o‘z holatini yozish uchun kundalik beramiz. Tana harorati ko‘tarildimi, vaksina qilingan joyda qizarishlar bormi, har bitta holatini yozib boradi», — dedi shifokor.

Ko‘ngilli sifatida emlangan Xurshid Nosirov vaksina qabul qilgach, yomon alomatlar sezmayotganini bildirdi.

«Vaksina to‘g‘risida Innovatsiya vazirligida ishlaganim uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xabardor bo‘ldim. Va uni ko‘ngilli sifatida qabul qilishga qaror qildim. Bu jarayonlarni boshdan kechirayotganda, ro‘yxatdan va ko‘rikdan o‘tishda shifokorlarning o‘z ishlariga mas'uliyat bilan yondashayotgani o‘zimdagi ishonchni yanayam oshirdi.

Bugun birinchi dozani oldim. Har bir belgilarini birma-bir ko‘rib, suhbatlashib tekshirishdi. Hozircha hech qanday yomon alomat sezilmadi. O‘zimni yaxshi his qilyapman. Qo‘rqish yo‘q, hammasi yaxshi», — dedi u.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova vaksina talablariga javob beradigan ko‘ngillilarni tanlab olish jarayoni davom etayotganini ma'lum qildi. Kelishuv shartlarga ko‘ra, ishtirokchilarni moddiy va tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilmoqda.

«Ayni paytda ko‘ngillilarni tanlab olish jarayoni davom etyapti. Agar O‘zbekiston fuqarolaridan kimdir Covid-19 infeksiyasiga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lsa, Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiy saytiga kirib vaksina degan tugmani bosgan holda so‘rovnomani to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Ko‘ngillilar vaksinatsiya jarayoniga taklif qilinganda, avvalo, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Ko‘ngillilarning har biri tibbiy sug‘urtalanadi. Agarda qandaydir nojo‘ya alomatlar paydo bo‘lsa yoki kasallik holatlari yuzaga kelsa, ularga bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi», — dedi vazirlik vakili.

Ma'lum qilinishicha, umumiy sinov jarayoni 14 oy davom etadi. Mazkur davr mobaynida har bir ko‘ngilli 10 marta klinikaga kelib tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘ladi.

Tadqiqotda ishtirok etish yoki etmaslik to‘laqonli ixtiyoriy. Sinov davri mobaynida ko‘ngillilar uni davom ettirishga ham majburlanmaydi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top