21:43 / 25.12.2020
5590

Ixtisoslashgan bog‘chalardagi bolalarning 60 foizdan ortig‘i aslida sog‘lom bo‘lib chiqyapti - MTV

Ixtisoslashgan bog‘chalarda bolalarga beriladigan ovqatlar oddiy bog‘chalardan farq qiladi, imkoniyati cheklangan bolalarning rivojlanishi uchun imkon qadar ko‘p e'tibor beriladi. Shuning uchun ota-onalar bolasi sog‘lom bo‘lsa ham, uni ixtisoslashgan bog‘chaga berishga harakat qiladi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida jismoniy va aqliy rivojlanishdan orqada qolayotgan bog‘cha yoshidagi bolalarga ko‘ptarmoqli bog‘chalarga yo‘llanma berilmoqda. Bolalar bilan ishlaydigan maxsus komissiya tarkibi respublika tibbiyot tashkilotlari mutaxassislaridan iborat bo‘ladi. 

Bugun, 25 dekabr kuni ham maxsus komissiya bolalarni ko‘rikdan o‘tkazdi va ularga tegishli MTTlarga yo‘llanma berdi. Imkoniyati cheklangan bolalarga maxsus tipdagi MTTlarga 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan muddat uchun yo‘llanma beriladi. Shu vaqt ichida pedagoglar bolalar bilan korreksion pedagogika o‘tkazishadi, reabilitatsiya yordami ko‘rsatishadi. Bular bilan bolalarning ijtimoiy hayotga moslashuviga erishish, ularda jamiyatga qo‘shilish ko‘nikmasini hosil qilish maqsad qilingan. Maxsus MTTlardagi parvarish va ta'limdan so‘ng bolalar umumiy tipdagi bog‘chalarga o‘tkaziladi.

Maktabgacha ta'lim vazirligining ma'lumot berishicha, 2020 yil 1 sentabr holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 9 996 nafar bola 147ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotida tarbiyalanmoqda. Hozir ixtisoslashtirilgan bog‘chalarda tarbiyalanayotgan bolalar ko‘ptarmoqli maktabgacha ta'lim tashkilotlariga tibbiy ko‘rik asosida o‘tkazilmoqda.

Masalan, Toshkent shahrida 49ta ixtisoslashtirilgan bog‘cha faoliyati muvofiqlashtirilib, 17ta ko‘ptarmoqli ixtisoslashtirilgan bog‘chaga aylantirilgan. Ularda 959 nafar bola tarbiyalanmoqda.

«Hozir ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari yopilyapti, degan tushunmovchiliklar ham bo‘lyapti. Aslida unday emas. Ularning o‘rniga ko‘ptarmoqli bog‘chalar ochilyapti.

Ko‘ptarmoqli deganda bolalarning tashxisi, muolaja ishlari bitta joyda olib boriladigan bog‘chalar tushuniladi. Bunday bog‘chalarda logoped, defektolog kabi barcha mutaxassislar ishlaydi.

Ixtisoslashgan bog‘chalardagi sog‘lom bolalar esa umumiy tipdagi bog‘chalarga o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlarga ko‘ra, butun respublika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan MTTlardagi 60 foizdan ortiq bolalar sog‘lom bo‘lib chiqyapti.

Ota-onalar ham sog‘lom bolalar haqiqatan ixtisoslashtirilgan MTTlarda tarbiyalanishga muhtoj bolalarning o‘rnini band qilmasliklari lozimligini tushunishlari kerak», – deya Kun.uz'ga ma'lumot berdi MTV axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva.

Uning qayd etishicha, ixtisoslashtirilgan bog‘chalarda ovqatlanish tizimi alohida tartibda ishlab chiqilgan, imkoniyati cheklangan bolalarga imkon qadar ko‘p e'tibor qaratiladi. Shuning uchun ko‘p hollarda ota-onalar bolalarini sog‘lom bo‘lishsa ham, shunday bog‘chalarga berishga harakat qiladi. Sog‘lom bolalarning ixtisoslashtirilgan bog‘chalarga sog‘lom bolalarning qabulida korrupsiya alomatlari ham bor. Shunday hol aniqlanganda tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beriladi.

Top