21:34 / 25.12.2020
4205

Vazirlik vakili O‘zbekistonda ijtimoiy himoya yagona tizimi yo‘qligi haqidagi YUNISEF xulosasiga munosabat bildirdi

O‘zbekistonda ijtimoiy himoya bo‘yicha davlatning yagona strategiyasi yo‘q, degandi YUNISEFning ijtimoiy siyosat dasturi rahbari Tinatin Baum bundan ikki hafta oldin O‘zbekiston rasmiylari ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida.

YUNISEF o‘rganishlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya turli idoralar o‘rtasida bo‘linib ketgan, bu yo‘nalishga ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligi monitoring qilinmaydi.

Kun.uz muxbiri xalqaro tashkilot xulosasiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining munosabati bilan qiziqdi.

Vazirlikning Kambag‘allikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti direktori Ilhom Mamatqulov YUNISEF rasmiysining fikrlari bilan tanishib chiqqanini bildirdi.

«Tinatin Baum bildirgan fikrlar haqidagi xabarni biz ham o‘qidik. Undagi tanqid va takliflarni ko‘rib chiqib, o‘zimiz uchun muayyan xulosalar chiqardik.

To‘g‘ri, ijtimoiy himoyaning yagona tizimi mavjud emas edi. Pensiyalar, nafaqalar, moddiy ko‘maklar, bola pullarini misol qilib olishimiz mumkin. Haqiqatan ham bu pullarning berilishida yagona tizim mavjud emas edi.

Ammo hozirda bu tizimni yakdillashtirish maqsadida aholi ijtimoiy himoyasiga qaratilgan konsepsiya ishlab chiqilmoqda. Yil boshida Sirdaryo viloyati misolida ijtimoiy himoya yagona reyestri (onlayn platforma) yaratilgan edi. Bugungi kunda respublikaning barcha viloyatlari mazkur tizimga qamrab olingan.

Bu reyestr – aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamining ijtimoiy xizmatlardan foydalanish istagini bildirganlarining ma'lumotlarini onlayn tizimda yuritish, ularni dasturga qabul qilish, ularning daromadlari va mol-mulki haqidagi ma'lumotlarni o‘rganib chiqish, ijtimoiy xizmatdan foydalanishga loyiq yoki loyiq emasligini aniqlash imkonini bermoqda», – dedi Ilhom Mamatqulov.

Top