11:58 / 27.12.2020
21909

Toshkent bozorlaridagi 45 ming so‘mlik muzlatilgan go‘sht muhokamalarga sabab bo‘ldi

Import qilinayotgan ushbu go‘sht mahsulotlari xavfsiz ekanini kafolatlovchi hujjatlar va veterinariya sertifikatlariga ega, deb bayonot berdi Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi.

Foto: Getty Images

Shu kunlarda Toshkent bozorlarida arzonlashtirilgan yarmarkalarda go‘sht 45 ming so‘mdan sotilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ayrim xaridorlar bu – oddiy, odatdagi go‘sht, faqat 40 foizi suyak ekanini aytishgan. Ayrimlar esa uning odatdagi go‘shtdan mazasi farq qilishi haqida yozmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qator taxminlarni ham uchratish mumkin. Masalan, kimdir bu muzlatilgan go‘sht Belarusdan keltirilganini aytgan bo‘lsa, ayrimlar uning sifatiga shubha bilan qaramoqda.

Holat yuzasidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi izoh berdi.

Chegara-nazorat veterinariya punktlari orqali olib o‘tilayotgan har qanday go‘sht va go‘sht mahsulotlari veterinariya-sanitariya norma va talablariga muvofiq olib kirilishi qat'iy nazorat ostida, deyiladi izohda.

Shuningdek, qo‘mita import qilingan yoki mahalliy yetishtirilgan go‘sht va go‘sht mahsulotlarining oldi-sotdisida narxni belgilash vakolatiga ega emasligini bildirgan.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yilning shu paytiga qadar O‘zbekistonga veterinariya talablari asosida tadbirkorlar tomonidan chetdan jami 30082,4 tonna go‘sht import qilingan.

Shundan, Qozog‘istondan muzlatilmagan 287,4 tonna maydamol va 5712 tonna qoramol hamda 46,4 tonna muzlatilgan yirik shoxli mol go‘shti; Ukrainadan 2251,6 tonna muzlatilgan yirik shoxli mol go‘shti; Belarusdan muzlatilmagan 7124 tonna va muzlatilgan 14661,4 tonna qoramol go‘shti olib kelingan.

Mavzuga oid
Top